Breaking News

Tub aholi Prezident Trampning Rashmor tog’iga tashrifidan norozi


Tub amerikaliklar Prezident Donald Trampning Mustaqillik bayrami oldidan, 3-iyul kuni Rashmor tog’iga tashrifi va mushakbozlik rejasini tanqid qilmoqda. Janubiy Dakotadagi bu hudud yuzlab yillar avval bizdan o’g’irlangan, deydi ular.

Mahalliy hindular tadbir irqchilik va politsiya zo’ravonligi yuzasidan bahslar ketayotgan, qabilalar COVID-19 bilan kurashayotgan bir paytda o’tkazilayotganini ham savolga tutmoqda.

1868-yilda AQSh hukumati bir guruh qabilalar bilan tinchlik bitimi imzolagan. Ushbu hujjat Janubiy Dakota, Shimoliy Dakota va to’rt shtat bo’ylab cho’zilgan katta bir hududdan tub aholi “mutlaq va monesiz” foydalanishini kafolatlagan. Xususan, Blek Xills tog’ tizmasida oq tanlilarning aholi punktlari tashkil etishi taqiqlangan.

Janubiy Dakota shtatidan haykaltarosh Gutzon Borglumga yo'llangan xat, 1924-yil
Janubiy Dakota shtatidan haykaltarosh Gutzon Borglumga yo'llangan xat, 1924-yil

Biroq hududda oltin topilgach, konchilar hukumatdan himoya so’raydi. Blek Xillsni xarid qilish uchun jo’natilgan hukumat komissiyasi qabilalar belgilagan narxni rad etadi. Shundan so’ng Kongress 1877-yilda hududni qaytarib olishga qaror qilib, tub aholiga oziq-ovqat yetkazish yo’llarini to’sish tahdidi ostida ular nazorat qiladigan hududlarni besh qo’riqxona bilan cheklab qo’yadi.

Masala yuzasidan bahs bugungacha davom etmoqda. 1980-yilda Oliy sud hukumat Blek Xillsni noqonuniy egallab olgani haqida hukm chiqarib, qabilalarga 106 million dollar kompensatsiya to’lashni buyurgan. Ammo tub aholi puldan voz kechib, yer qaytarilishini talab qilgan. Bugungi kunda kompensatsiya miqdori foizi bilan 1 milliard dollarni tashkil etadi.

Janubiy Dakota qabilalariga ko’ra, gap pulda emas. Ularni Blek Xills bilan muqaddas rishtalar bog’lab turganini aytishadi. Etnografik va tarixiy hujjatlar, diniy mavzudagi ming yillik tosh san’at asarlari buni tasdiqlaganday.

Haykaltarosh Gutzon Borglum (chapda) ishchilari bilan, 1929-yilda
Haykaltarosh Gutzon Borglum (chapda) ishchilari bilan, 1929-yilda

1924-yilda Janubiy Dakota shtati Blek Xillsda “g’ayrioddiy xarakterdagi qahramon haykal” loyihasini boshlashga qaror qilgan. Uch yil o’tib, Rashmor tog’ida portlatish ishlari boshlanib, 14 yil davomida to’rt prezident - Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnning 18 metrli haykallari o’yib ishlangan.

Tub amerikaliklar fikricha, bu monumentlar qabilalar yerini tortib olgan oq tanli istilochilarni ulug’laydi va shu bois buzib tashlanishi kerak. Xususan, Oglala Lakota qabilasi rahbari Julian Ber Ranner yodgorlikni vayron qilish kerak, deb hisoblaydi.

Chayen qabilasi rahbari Xarold Fraziyer haykallarni “tanamizdagi tamg’a” deb atab, hukumatni xarajatga qo’ymasdan ularni o’z hisobidan olib tashlashni taklif etgan.

Ammo “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan aksar tub aholi vakillari fikricha, tog’dagi haykallar saqlab qolinishi va ta’limiy vosita sifatida ishlatilgani ma’qul.

Prezident Tramp imzolagan farmonga ko’ra esa “AQShdagi haykallar, monumentlar va yodgorliklarni buzadigan, ziyon yetkazadigan va tahqirlaydigan” kishilar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Yodgorliklarni himoya qila olmagan shtat va mahalliy politsiya idoralariga mablag’ kesiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG