Breaking News

Britaniya rossiyalik xakerlarni COVID-19 vaksinasiga doir ma’lumotlarni o’g’irlash harakatida ayblamoqda


Russia Fancy Bears

Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi Rossiya razvedkasiga aloqador xakerlarni COVID-19 vaksinasiga doir izlanishlar bilan shug’ullanayotgan Britaniya, Kanada va AQSh tashkilotlari kompyuter tizimlariga hujumlarda ayblamoqda.

Markaz xulosasiga ko’ra, xakerlar tadqiqot va sinovlar bo’yicha ma’lumotlarni o’g’irlashga harakat qilgan.

“Bu xakerlar maxfiy josuslik bilan shug’ullanib kelgan. AQSh Davlat departamenti, Oq uy, Demokratik partiya qo’mitasi kompyuter tizimlariga hujumlar uyushtirishgan. Eng qimmatli maxfiy ma’lumotlarni o’g’irlashga ixtisoslashgan xakerlar guruhi bu”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Laura Galante.

Rossiya ayblovlarni inkor etmoqda.

“Da’volarni qabul qilmaymiz. Britaniyada xakerlikka kim qo’l urganini bilmaymiz. Rossiyaning bunga aloqasi yo’q”, - dedi Prezident Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya o’z vaksinasini yaratish uchun ilm-fanni rivojlantirish o’rniga boshqalardan o’g’irlashga qaror qilgan.

“Rossiya ilm-fan darajasi bo’yicha nafaqat AQSh, Britaniya, Yevropadan, balki Xitoy va Hindistondan ham qolib ketgan. Putin yetib olishga harakat qilyapti, ammo u prezidentligining birinchi yarmini ilg’or fan bilan shug’ullanuvchi iste’dodli mutaxassislarni yetishtirish uchun universitetlar va davlat o’quv tizimiga sarmoya qilish o’rniga neft va gaz sohalarini rivojlantirishga, oligarxiyani rivojlantirishga sarfladi”, - deydi Nyu-Xeyven universitetidan olim Mettyu Shmidt.

Yevropa siyosatini tahlil qilish markazida Rossiya bo’yicha mutaxassis Brayan Vitmorning aytishicha, da’vo qilinayotgan xakerlik harakatlari Rossiya tashqi siyosati bilan hamohangdir.

“Doping mashmashasidan tortib Ukraina suverenitetini poymol qilishgacha, Birlashgan Qirollik hududida kimyoviy qurollarni ishga solishgacha bo’lgan barcha harakatlar hech kimni ajablantirmasligi kerak”, - deydi ekspert.

Rossiya kiberjosuslik bilan shug’ullanayotgan yagona davlat emas. Yaqinda AQShning yetakchi respublikachi qonunchilari Xitoyni koronavirusga qarshi vaksina ustida olib borilayotgan izlanishlarga doir ma’lumotlarni o’g’irlashda ayblab, Tramp ma’muriyatini Pekinga sanksiya qo’yishga chaqirdi.

“Bunday faoliyat bilan shug’ullanish oson va nisbatan xavfsizdir. Dunyo bo’ylab kiberjosuslik harakati kuchaymoqda. Bunday usul mamlakatlarga ma’lum darajada tan olmaslik, AQSh va hamkor davlatlarning qattiq jazosidan qochish imkonini beradi”, - deydi “Xeritij” jamg’armasidan Klon Kitchen.

Britaniya markazi hisobotida aytilishicha, xakerlar vaksinaga doir qimmatli ma’lumot o’g’irlashga yoki tadqiqot ishlariga xalaqit berishga muvaffaq bo’lmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG