Breaking News

Rossiya xakerlik orqali AQSh saylov tizimiga ta'sir qilmoqchimi?


Qo’shma Shtatlar Rossiyani internetda xakerlik yo’li bilan Amerikada prezident saylov kampaniyasiga ta’sir etishga harakat qilayotganlikda ayblab, javob chorasi ko’rishini bildirgan.

Kreml ayblovlarni rad etib, Amerika do’q-po’pisasiga ko’z yummasligini ma’lum qildi. Kiber-xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar nazarida, Rossiya G’arb bilan axborot urushi doirasida xakerlikka zo’r bergan.

Hukumatga aloqasi borligi taxmin qilinayotgan “Tarmoq” guruhi bu urushda faol.

“Qilayotgan ishimizning ahamiyati shundan iboratki, xorijiy auditoriyaga Rossiyaning Suriyadagi siyosatini, Ukrainadagi voqealarni to’g’ri tushuntirish, Putin haqida to’g’ri ma’lumot berish”, - deydi tarmoq vakili Makar Vixlyansev.

Guruh maxsus videolar yaratib, internet orqali tarqatadi. “Hukumatga aloqamiz yo’q”, deydi ular.

Mavzuni mustaqil ravishda yoritishga kirishgan Lyudmila Savchuk muxolifat rahbarlari va G’arbga qarshi internetda pul evaziga hujum qiladigan trollar bilan ishlaganini aytadi.

“Bunday troll makonlari ko’p. Boshqa jurnalistlar ham u yerda ishlab izlanish olib borgan”, - deydi Savchuk.

“Rossiya 2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olganidan beri Kremlning kiber-harakatlari kuchaygan”, - deydi “Qizil tarmoq” kitobi muallifi Andrey Soldatov.

“Trollardan tashqari xakerlikning yangicha va ancha ilg’or texnologiyasi bor. Hukumat homiyligidagi bu ishga turli odamlar jalb etiladi”, - deydi Soldatov.

Kreml AQShdagi siyosiy tashkilotlarga qarshi kiber-xurujlarda qo’li borligini rad etib keladi.

Kiber-xavfsizlik bobidagi rossiyalik mutaxassislarning aytishicha, bu xurujlar ortida hukumat turganiga ishora qiluvchi boshqa omillar ham bor.

“Bir kishining bunday xurujlarni amalga oshirishi mumkin emas. Ancha mukammal bu ish ortida hukumat turgan bo’lishi mumkin”, - deydi “Kasperskiy laboratoriyasi” kompaniyasi tadqiqotchisi Sergey Lojkin.

Kiber-xurujlarni uyushtirishdan asosiy maqsad demokratlardan prezidentlikka nomzod Xillari Klintonni obro’sizlantirish edi, chunki Klinton raqibi Trampdan farqli o’laroq Rossiyaga qarshi qattiqroq siyosat tarafdori, deydi Soldatov.

“Endi esa maqsad o’zgargandek. Rossiya o’zini qudratli davlat qilib ko’rsatmoqchi, chunki dunyodagi eng qudratli davlat saylov tizimiga boshqa qudratli davlatgina aralashishi mumkin”, - deydi ekspert.

Rossiya hukumatida kiber-xurujlarga qarshi tergovchi bo’lib ishlagan Lojkinning aytishicha, texnologiya kuchaygan sari xakerlik harakatlari ham oshib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG