Breaking News

Rossiya rahbari Vladimir Putin rafiqasi bilan ajrashganini e'lon qildi


6-iyun kuni prezident Putin va rafiqasi Lyudmila 30 yillik turmushi tugaganini rasman e’lon qildi. Bu bilan uzoq vaqtdan beri yurgan mish-mishlar tasdiqlandi.

Sobiq styuardessa Lyudmila va Vladimir Putinlar bundan 30 yil avval turmush qurgan, 28 va 23 yoshli qizlari bor.

Kremlda rasmiy bayonot berar ekan, ikkovlon bir-biri haqida ismi-sharifini aytib gapirdi.

“Bunday qarorga birgalikda keldik”, - dedi 55 yoshli Lyudmila Putina, “biz bir-birimizni deyarli ko’rmaymiz”.

So’nggi yillarda Putin siyosiy va ijtimoiy tadbirlarda asosan bir o’zi qatnashib keladi.

Matbuotda anchadan buyon Putinlar ajrashgani va hatto prezident rafiqasini monastirga jo’natgani haqida ham shov-shuvlar tinmayotgan edi.

2008-yilda Putinning gimnastika bo’yicha Olimpiada chempioni Alina Kabayevaga uylanishni rejalayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ayrim manbalar Putin va Kabayeva og’il ko’rgani, 2012-yil kuzida esa qizlik ham bo’lgani haqida xabar bergan. Ammo Kabayeva bir necha intervyuda Putin bilan farzandi yo’qligini ta’kidlagan.

Payshanba kechqurun Kremlda ajralishga tushuntirish berar ekan, Vladimir Putin o’z faoliyati va hayoti ko’pchilik ko’z oldida o’tishi va ba’zilarga bunday turmush tarzi mos kelmasligini aytdi.

“Lyudmila Aleksandrovna o’z vazifasini bajarib bo’ldi”, - dedi Rossiya rahbari.

Lyudmila Putina esa "Vladimir Vladimirovich kechayu-kunduz ish bilan band. Farzandlarimiz katta bo’lgan, alohida yashaydi. Men oshkora hayotni yoqtirmayman”, dedi.

Prezident so’zlovchisi Dmitriy Peskov Putinlar anchadan buyon alohida yashayotganini tasdiqlar ekan, er-xotin o’rtasidagi nikoh rasman tugatilganmi yoki yo’q, degan savolga “bilmayman”, deb javob berdi.

Ayrimlar Putin qarori uning reytingini pasaytirishi mumkin, deya fikr bildirmoqda.

Prezidentga muxolif siyosiy arbob Boris Nemtsov “Putinning doim yolg’on gapirishiga hamma o’rganib qolgan bo’lsa-da, bu qarorini haqiqiy sof inson qarori, deya baholash mumkin”, - dedi.

“Chin saylovlar uchun” nomli siyosiy guruh esa "Twitter" mikroblogi orqali “butun mamlakatning Putindan ajralishi vaqti keldi”, - deya bayonot tarqatdi va norozilik namoyishlarini uyushtirishga undadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG