Breaking News

Rossiya chiqindi inqirozi bilan yuzlashmoqda


Rossiyada bir yilda o’rtacha 55-60 million tonna maishiy chiqindi to’plansa, shulardan salkam 8 tonnasi Moskvaga to’g’ri keladi. Poytaxtdan chiqayotgan axlat tevarakdagi 10 dan ortiq shaharlarga olib chiqiladi, bu esa ushbu shaharlar ma’muriyatlari noroziligiga sabab bo’lmoqda. Aholi ham bunga qarshi namoyish qilgan. Muammoni sal bo’lsa ham hal qilish uchun Moskvada yangi yildan boshlab, chiqindilarni ajratishga o’tilgan va uning bir qismi qayta ishlanadi.

Xalqaro hayot - 6-mart, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:46 0:00

Moskvaga ilk marotaba borgan odamning shahar hashamatidan ko’zi qamashadi, biroq bu hashamat ortida tonnalab chiqindi borligini payqamaydi. Moskvaning 12 millionlik aholisi bir yilda o’rtacha 8 million chiqindi tashlaydi. Shuning oz qismigina qayta ishlanadi, qolgani Aleksandrov kabi atrofdagi shaharlarga olib boriladi.

Poytaxtdan mashinada ikki soatlik uzoqlikda joylashgan tarixiy bu shahar aholisi Aleksandrov chetida so’nggi bir necha yilda axlatdan hosil bo’lgan tepalikka ishora qiladi.

“Shu yerdan o’tayotganimda yuzim shishib, allergiyam qo’zg’aladi. Boshqalarda ham shunaqa bo’lsa kerak”, - deydi aleksandrovlik Vladimir Saunin.

Axlatli tepalikka qarshi chiqayotgan mahalliy faollarning aytishicha, ularning tozalik uchun kurashini amaldorlar g’alamislik sifatida ko’rmoqda.

“Men muxolifatga yoki norozilik harakatiga qo’shilishni istamayman. Ammo boshqa iloji qolmadi. Tepadagilar dardimizga quloq solmayapti. Yagona yo’li shu”, - deydi Vitaliy Katasov.

“Shahrimiz sasib ketgan. Nafas olib bo’lmayapti. Axlat hidi olti kilometrlik radiusda burunga ilinadi”, - deydi Aleksandr Kuyum.

O’tgan yil dekabr oyida odamlar ko’chaga chiqib, shahar tarixidagi eng yirik namoyishda qatnashdi.

Rossiyaning ko’plab boshqa shaharlarida ham shu ahvol. Mamlakatning yirik shaharlaridan chiqayotgan chiqindilar axlat inqiroziga sabab bo’lyapti.

Shunday bo’lsa-da, jamoatchilikning g’azabi, asosan, Moskvaga qarshi qaratilgan. Kreml xalq noroziligini his etmoqda.

Prezident Vladimir Putin hukumatning muammoni hal etishdagi xatolarini tan olgan holda joriy yilda chiqindilar va ularni qayta ishlashga doir islohotlarni joriy etdi.

“Xalq bilan bevosita muloqot bo’lmagan. Nima va qanday ish qilinayotganini unga tushuntirish kerak”, - deydi Putin.

Ushbu islohotlar doirasida Moskva shahrida chiqindilarni ajratish boshlandi – aholi qayta ishlanadigan chiqindilar uchun qutilar bilan ta’minlanmoqda.

Ammo “Sobirator” qayta ishlash markazi xodimi Tatyana Vasilyevaning aytishicha, odamlar qayta ishlanadigan chiqindilarning kerakli qutiga tashlanishiga ishonmaydi.

“Sobirator” moskvaliklarga axlatni to’g’ri ajratish haqida ma’lumot beruvchi ko’ngillilar tashkilotidir.

“Mana bu qoplardagi chiqindilarning endi qayerdadir yotmasdan qayta ishlanishini bilish insonga huzur bag’ishlaydi. Bu yerga ilk kelgan paytimdan boshlab uydagi axlatni saralaydigan bo’ldik”, - deydi Yelena ismli juvon.

Aleksandrov shahridagi tadbirkorlarning ba’zilari axlatga tashlangan shisha yoki plastmassa chiqindilarni qayta ishlab, ulardan mahsulot chiqarishni rejalamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG