O’tgan oy Rossiya Markaziy banki iqtisodiy o’sishga doir bashoratiga tuzatish kiritdi. Unga ko’ra, o’sish bo’ladi, ammo oldin bashorat qilingandan kamroq darajada. Markaziy bank turg’unlik haqidagi gaplarni inkor etmoqda.
Biroq Rossiyaning uzoq sharqida, poytaxt Moskvadan minglab kilometr narida joylashgan hududda iqtisodiy inqiroz o’tkirroq sezilmoqda. Ishsizlik, arzimagan nafaqa va maoshlar hozirgi iqtisodiy siyosat mahsulidir. “Amerika Ovozi” yaqinda Buryat Respublikasida bo’ldi.
Moskva hashamatiga qarab Rossiya iqtisodiyotiga umumiy baho berish to’g’ri emas. Poytaxtdan 4400 kilometr narida yashovchi odamlar munosib hayot uchun har kuni kurashadi. Ko’plab yoshlar respublika markazi Ulan-Ude va Rossiyaning boshqa shaharlariga ko’chib, qishloqlarini huvillatib ketdi.
Nafaqaxo’r qariyalar ishlashga majbur – kimdir bog’dorchilik, kimdir esa chorvachilik bilan shug’ullanmoqda.
“Ish yo’q bu yerda. Hamma narsa qimmat. Chorva boqmasak bo’lmaydi – sigir, ot, echki bor hammada”, - deydi Sofiya ismli nafaqaxo'r ayol.
Ayrim iqtisodchilar nazarida, Buryatiya iqtisodiyotiga qarab Rossiya iqtisodiyotining bugungi ahvolini bilsa bo’ladi.
“Inqirozni boshdan kechiryapmiz. Iqtisodiy o’sish yo’q. Daromadlar tushmoqda, narxlar ko’tarilmoqda. Qiyin bo’lib qoldi”, - deydi iqtisodchi Aleksandr Yantranov.
Yillar davomidagi turg’unlik natijasida odamlarning xarid qilish quvvati tushib ketgan.
“Rossiya bugun iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy inqirozga yuz tutyapti. Tizim kerakli tarzda ishlamayapti”, - deydi Buryat davlat universitetidan Aleksandr Elayev.
“Hozirgi vaziyat 1990-yillardagi ahvolni eslatadi. O’shanda vaziyat hozirgidan ancha og’irroq edi, ammo umid bor edi”, - deydi Yantranov.
Buryatiya iqtisodiyoti, asosan, mahalliy xalq ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan, eksport kam qilinadi.
“Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 80 foizi respublikaning o’zida sotiladi. 15 foizi esa qo’shni hududlarga olib chiqiladi”, - deydi parrandachilik bilan shug’ullanuvchi tadbirkor Viktor Dondukov.
Respublika, asosan, samolyotsozlik hisobiga kun kechiradi. Buryatiyada yo’lovchi va harbiy samolyotlar ishlab chiqariladi.
Rossiyada aviasozlik sanoati mamlakat bo’ylab yoyilgan.
“Mamlakatimiz bepoyon. Hamma korxonalarni bir joyda qurib bo’lmaydi. Jumladan xavfsizlik sabablariga ko’ra”, - deydi Ulan-Ude aviatsiya zavodi direktori Leonid Belix.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Kreml mintaqalarni o’ziga tobe ushlab turish uchun iqtisodiy markazlashtirish siyosatini yuritmoqda.
“Respublika byudjeti 50 milliard rubl, shuning qoq yarmi federal byudjetdan yordam sifatida keladi. Ha, respublikamiz Moskvaga tobe”, - deydi iqtisodchi Aleksandr Yantranov.
Tahlilchilarning aytishicha, ko’plab yoshlar maoshlarning pastligi va iqtisodiy inqiroz tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo'lmoqda.
Facebook Forum