Breaking News

Markaziy Osiyoga Rossiyaning ta’siri hanuz kuchli. Qo’shni davlatlar orasida hamkorlikning turli ko’rinishlari rivojlanar ekan, Tojikistonda ham, O’zbekistonda ham ekspertlar Rossiyadan mustaqil rivojlanishga umid qilish mushkulligiga ishora qilishadi.

Markaziy Osiyo: Aholi muttasil ravishda rus OAV ta'sirida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:59 0:00

Mahalliy tahlilchilar keyingi yillarda Markaziy Osiyo liderlari Rossiya ta’sirini kamaytirishga harakat qilishayotganini aytishsalar-da, mutloq mustaqilikka hali ancha bor deb hisoblashadi. Tojikiston shimolidagi o’zbek ziyolilari tashkil etgan uyushma raisi, olim Ilhom Yusupov deydiki, ta’sir eng muhim jabhada, ya'ni mafkurada zo’ravonlikcha olib borilmoqda.

"Ular (ruslar) zo’rlik qiladi, mafkurasini o’tkazib kelmoqda. Biz ingliz, xitoy tilini bilmasak, ikkinchi tomonning fikrini bilmasak, aqidasini tushunmasak, bular o’sha yerdagi xabarlarni qanday bersa o’shanday qabul qilib turibmiz xolos. Mana shuning o’zi zo’rlikda axir", - deydi Yusupov.

Bunga alternativ ravishda regionda biron qadam qo’yib bo’lmaydimi, degan savolga Yusupov shunday javob beradi:

"Ruslar mintaqada bunday ish tashkil qilinishiga yo’l qo'ymaydi. Masalan, Amerikada bir muxbir Prezident Trampning asl so’zini beradigan bo’lsa, biz ham berib yuboraveramiz. Lekin ruslar noto’g’ri bermoqda, Trampning chiqishini boshqacha talqin qilib berishmoqda. Yoki Ukrainanini boshqacha talqin qilib bermoqda deb tahlil qilib, u yerda unday edi, ruslar bu yerda bunday bo’lmoqda deb buzib bermoqda va hokazolarni Amerikada aytasiz. Lekin bu yerda ruslar bunga yo’l qo’yib bermaydi. Markaziy Osiyoda mustaqillikning ko’p jihatlari qog'ozda qolmoqda, istang-istamang, baribir ruslar nazoratida turibmiz. O’zbekiston prezidenti Tramp bilan ushrashib kelganda darrov ruslarga, Putinga hisobot berdi deganday qildiku, shuning o’zi katta narsa. Baribir hadik bor, chunki uning (ruslarning) imkoniyati ko’p, chekkadan har xil narsalarni qilib tashlaydi. Shuning uchun “jim o’tir, mustaqilliging bizga nisbatan emas” deydi".

Toshkentdan O’zbekiston milliy axborot agentligi mas'ul xodimi Irismat Abduxalikov Rossiyaning bosimli ta’sirini ularning mintaqada turli yo’llar bilan o’rnashib olganida ko’radi. U aholi muttasil ravishda rus ommaviy axborot vositalari ta’sirida qolayotganiga urg’u beradi. Abduxalikov fikricha, bunga muqobil yo’l tutilmas ekan, ahvol o’zgarishi mushkul.

So’g’d viloyatining o’zida oylab ko’ring, ruslarning konsulligi bor, allaqancha birdamlik tashkilotlari bor, madaniyat va ilm burchaklarini ochgan.

"Mana Moskvaning bir qator oliy o’quv yurtlari Toshkentda filiallariga ega. Moskvaning katta-katta idora-tashkilotlari, u neft bo’ladimi, boshqa sohalar bo’ladimi, qo’shma korxonalar tuzib juda jadal kirib kelishmoqda. Vaholanki, bir xolislikni, mustaqillikni, erkinlikni hiz qilishimiz uchun biz qandaydir bitta imperyaning kirib kelishini yaxshi qabul qilishimiz kerak emas. Ochiq bo’ladigan bo’lsa, masalan, investitsiyani bitta davlat emas, boshqa katta davlatlar ham kiritishi ancha yaxshi bo’lardi. Mayli, bu iqtisod deylik, o’zimizni jurnalistika sohasini olaylik, bir vaqtlar rus tilida Sovet-Amerika “Mi” (Мы) degan gazetasi chiqardi, uni bu yerda har holda juda ko’pchilik o’qirdi. Amerika va biz tushunadigan tilda OAV chiqarish mumkin emasmikan? Balki kerakdir, balki kerakmasmi? Bu juda ham muhim jihat. Bu bitta davlatning emas, BMTning faoliyatiga kirishi kerak. Xalq haqiqatdan xabardor bo’lishi kerak, bitta davlatning nuqtai nazariga qarab qolishi kerak emas, hammaning qarashlaridan voqif bo’lishi kerak, bilish kerak. Masalan, voqealarga Yevropaning, Xitoyning, Amerikaning nuqtai nazari, turk dunyosi, islom dunyosining qarashlarini bilish kerak. Shu yo’q ekan, biz to’g’ri xulosa chiqara olmaymiz. Psixologlarda “bugun fikrda, ertaga tilda, indinga hayotda” degan gap bor. Bu qonuniyat! Hamma voqealar o’sha qonuniyat asosida rivojlanadi va hayotga ming karra obyektiv yondashayotgan bo’lsa ham bitta davlatni qarashlari, biz masalan, shimoliy davlatni shunday deb ayta olmaymiz. Voqealar bir xil paytda nihoyatda hayron qolarlik darajada noto’g’ri beriladi. Ayni bir paytda faqat o’zini shu targ’ibot-tashviqotini olib borishsa-yu, unga alternativ nazarlar bo’lmasa, bu ko’p millionli xalq noto’g’ri yo’lga yuboriladi. Shuning uchun biz nima qilishimiz kerak?

Xalq o’zining fikri bo’lishi uchun agar turli manbalarga ega bo’lmasa, birgina manbaga suyansa, o’shaning ta’sirida qoladi, bu juda noto’g’ri

O’sha Xitoyning, Amerikaning, Yevropaning, turk, islom dunyosining qarashlarini bilsak juda yaxshi bo’lardi. Rossiyaniki bor, oshib-toshib yotibti. Vaholanki, bugungi kunda bu qanday aks-sado berishini men aytishim qiyin. Yaxshi bo’lsa, Allohga shukur deymiz, lekin bu yaxshi sado bermasligi ham mumkin. Qudratli davlarning OAVlari, aytaylik “BBC”mi, “Ozodlik”, “Amerika Ovozi”mi, boshqalarni nuqtai nazarlarini bilishni xohlayman, lekin manba yo’q. Xalq sodir bo’lgan voqea haqida chuqur atroflicha fikrni qayerdan oladi? Xalqning voqealardan xabardor bo’lish huquqi bor, uni Alloh bergan, BMT himoya qilishi kerak. Lekin biz hozir barcha axborotdan voqifmiz, bilamiz deb ayta olmaymiz. Aybdor kim? Xalq o’zining fikri bo’lishi uchun agar turli manbalarga ega bo’lmasa, birgina manbaga suyansa, o’shaning ta’sirida qoladi, bu juda noto’g’ri, buning kelajagi chatoq", - deydi Abduxalikov.

Toshkentdagi taniqli o’zbek publisistlaridan biri Rossiyaning O’zbekistonda eng muhim energetika sohasiga mustahkam chirmashib olishini qayg’uli ko’rinish deb hisoblaydi.

"Masalan, ruslarning bu yerda AES (atom elektrostansiya) qurishi O’zbekiston uchun uning oyog’iga urilgan kishandir. Holbuki, jahonning ilg’or davlatlari bu masalada muqobilyo’nalishlarga e’tibor qaratmoqda. Nazarimda, gap bu yerda shunchaki arzon energiya niqobida mintaqani jilovlash siyosati turibti", - deydi o’zbek yozuvchisi.

Xo’jandlik Ilhom Yusupov mintaqada ruslar nufuzi ozayib ketgan bugungi sharoitda ham rus hukumati bu yerdan oyoq uzmayotganiga ishora qilarkan, toshkenlik ziyolining fikrini tasdiqlagandek bo’ladi. U aytadiki, ayni zamonda mintaqa ziyolilarining o’zida birlik va ahillik ko’rinmaydi, biri-biriga qo’l cho’zmaydilar.

Xitoyning, Amerikaning, Yevropaning, turk, islom dunyosining qarashlarini bilsak juda yaxshi bo’lardi. Rossiyaniki bor, oshib-toshib yotibti.

"Misol uchun bizdagi fuqarolik urushidan so’ng bu yerdan aksariyat ruslar chiqib ketdi, qolmagan desak ham bo’ladi. Vaholanki, ozgina qolgan bo’lsa-da, So’g’d viloyatining o’zida oylab ko’ring, ruslarning konsulligi bor, allaqancha birdamlik tashkilotlari bor, madaniyat va ilm burchaklarini ochgan. Bularning hammasi davlat ta’minotida o’tiribti, demak o’zi ana shunday kuch bilan kirib kelmoqda. Vaholanki, bizga uncha zaruriyat bo’lmasa-da. U zaruriyat boshqa narsada ularga, bu yerda qolgan bir-ikki ruslarni qo’llash uchun emas, boyagi butun mafkuramizni, tafakkurimizni o’sha tomonga yo’naltirish va mafkuramizni buzib turish va kuzatib turibti bular. Xov uzoqlardan kelib zo’rlik qila oladi-yu, lekin o’zimiz bir-birimizga, qo’shnimizga imkoniyat yaratib bermaymiz", - deydi taassuf bilan tojikistonlik o’zbek olimi.

Mahalliy tahlilchilarga ko’ra, Markaziy Osiyo respublikalarida hanuzgacha mahalliychilik, uyushmasdan o’zibilarmonlik, tor manfaatlar yuqoriligi asosida Rossiya mintaqaga o’zining kuchli ta’sirini saqlab kelmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG