Rossiyada "axborot xavfsizligi" bo'yicha yangi doktrina

  • Amerika Ovozi

Rossiyada Prezident Vladimir Putin "axborot xavfsizligi doktrinasi" degan yangi hujjatga imzo chekdi. 2000-yilda rahbarlikka kelganida ham shunday bir hujjat qabul qilingan edi. Maqsad, deya sharhlaydi ekspertlar, axborot vositalari va fuqaro jamiyati ustidan nazoratni mahkam ushlab turish.

16 betlik doktrina Rossiyada informatsiya nima ekani, omma bilan qanday ishlash lozimligi, qay siyosat qanday amalga oshirilishi yuzasidan yo'riqnomadir.

Sobiq ittifoqdagi boshqa davlatlar, xususan, O'zbekiston va Belarusda ham o'xshash choralar ko'rilgan va ko'riladi. "Axborot xavfsizligi" deganda hukumatlar tahdid sifatida ko'rgan manbalar va ma'lumotlarni man etishni nazarda tutadi, ya'ni xalq ongini zaharlashi mumkin bo'lgan, jamoat xavfsizligiga raxna olishi mumkin bo'lgan axborot cheklanadi.

Putin imzolagan yangi hujjatga ko'ra, mamlakat xuddi harbiy boshqaruv ostida yashayotdek, deydi ayrim mutaxassislar. Unda qayd etilishicha, xorijiy davlatlar Rossiyada josuslarini ko'paytirgan; informatsion texnologiya davlatga qarshi ishga solinmoqda; siyosiy-ijtimoiy barqarorlikni buzishga urinishmoqda; suverenitetni poymol etishmochi. Vahimali gaplar, deydi sharhlovchilar.

Hujjatda aytilishicha, muayyan davlatlarning maxsus xizmatlari Rossiya ahlini davlatga qarshi qayrashga urinmoqda; diniy va etnik guruhlarni zimdan quvvatlamoqda; huquq tashkilotlari va boshqa nodavlat organlarni moylamoqda.

Doktrina Rossiyaga hech kim axborot bosimi o'tkaza olmaydi deya bong urinadi. Bu mamlakat ruhiga, uning ongiga ta'sir qilishga hech bir tomonning haqqi yo'q, deydi hujjatni izohlayotgan rasmiylar.

Rossiya uchun alohida internet tizimi ishlab chiqish, global tarmoqda federatsiya o'zi nazorat qiladigan dunyo yaratish haqida gap ketadi.

Ekspert Anton Nosik deydiki, Rossiya hukumati va ziyolilari Sovet Ittifoqini yo'q qilish uchun Amerika qo'llagan usullar hamon amalda va yashirin reja bor, deya qattiq ishonadi.

Kreml hech kimni tayansa bo'ladigan tomon deb bilmaydi, deydi Nosik.

“Asl tamoyil shu: har qanday chet ellik dushman, xorjiy davlatlarning agenti, uning har bir qadami va ishi uning davlati uchun xizmat qiladi. Va dunyodagi jamiki hukumatlarning asl maqsadi Rossiyani yo'q qilish, juda bo'lmasa, unga zarar keltirish".

Rossiyalik siyosatshunos olima Masha Lipman tahlilicha, yangi doktrina aslida eski siyosat va uning ta'siri katta bo'lmaydi.

“Rossiya repressiv tuzumga ega ekanini qayta-qayta isbot bo'lgan. Fuqarolarning huquqlarini poymol etishdan tortib, axborot vositalari va fuqaro jamiyatini ezish kundalik hol", - deydi u.

Shunday ekan, deya qo'shadi boshqa mutaxassislar ham, bu hujjat ko'p narsani o'zgartirmaydi. Bosim osishi mumkin. Lekin Rossiya aholisi Putin nima desa, qiladi va unga ishonadi. Kreml maqsadiga yetib bo'lgan.

Lipman nazarida hukumat endilikda odamlarning shaxsiy hayotini idora etishga, jinsiy va diniy turmushiga ta'sir o'tkazishga, san'at va madaniyatni qattiqroq nazorat qilishga o'tgan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin bu borada erkinlik qanot yoza boshlagan edi, deya eslaydi ekspert.

Muxolifat vakillari doimiy tahdid ostida faoliyat yuritadi
Muxolifat vakillari doimiy tahdid ostida faoliyat yuritadi

"Memorial" Inson huquqlari markazi rahbari Aleksandr Cherkasov yangi hujjat va bugungi siyosatdan hayron emas.

“Har qanday mustaqil harakat Rossiyada dushmanlik deb qabul qilinadi va oqibati azobli", - deydi bu borada izlanishlar olib boruvchi Cherkasov.

"Bugungi dunyoda bunday tuzumlar uzoqqa bormaydi deb o'ylayman. Real muxolifat, erkin matbuot va huquq himoyasi chetga surilgan jamiyatda siyosat hech qachon xalq manfaati uchun xizmat qilmaydi. Bu degani tuzumning kelajagi yo'q".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG