Breaking News

Rossiyalik faollar senzurasiz tarix tarafdori


Sobiq Sovet rahbari Iosif Stalin 1940-yillarda Ural tog’lari etagida “Perm-36” mehnat lagerini barpo etishni buyurgan. Bugun bu joy siyosiy qatag’on qurbonlarini xotirlovchi muzeydir.

Rossiyalik faollar senzurasiz tarix tarafdori
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:10 0:00

“Markazdan “faloncha odamlarni qatl qilinglar” degan ko’rsatma kelardi, mahalliy partiya rahbarlari esa ro’yxatni ko’rib, Moskvaga “kvotani oshiringlar” deb telegramma yuborardi. Shu narsani men va hamkasblarim hazm qilishi qiyin bo’lyapti”, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Memorial” tashkilotining Perm sho’basi rahbari Robert Latipov.

Mehnat lagerlari Sibir va Uzoq Sharqning chekka hududlarida joylashgan bo’lardi. “Perm-36” lageri poytaxt Moskvadan ming kilometr narida edi.

Siyosiy dissidentlar saqlangan lager 1987-yilda yopilgan.

“Sovet Ittifoqida ilk inson huquqlari faollari siyosiy mahbuslar taqdiriga e’tibor qaratishni boshlaganida bunday lagerlar paydo bo’ldi”, - deydi muzey rahbari Viktor Shmirov.

1990-yillar boshida tarixchi Shmirov, uning rafiqasi Tatyana Kursina va yana bir necha mahalliy faol o’z yonidan pul sarflab hamda odamlardan tushgan xayriya hisobiga lagerni qayta quradi, so’ng uni Siyosiy qatag’onlar tarixiy muzeyiga aylantiradi.

“Bu muzey ham madaniyat, ham axborot, ham ta’lim markazidir”, - deydi unga direktorlik qilgan Kursina.

“Perm-36” qattiqqo’l tarixiy rahbarlar ulug’lanayotgan mamlakatda nozik mavzudir.

“Hukumat Ivan Grozniy, Pyotr Birinchi, Stalin kabi tarixiy shaxslar nufuzini mamlakatda ko’tarmoqchi”, - deydi Shmirov.

Er-xotinning aytishicha, muzey ommaviylashishi ketidan ularni rahbarlik lavozimlaridan chetlatishdi.

“Ishimizning ochiqligi, unga jamoa faollarining bosh bo’lgani hukumatga yoqmadi”, - deydi Kursina.

“Perm-36” muzeyini hozir davlat tomonidan tayinlangan kadrlar boshqaradi.

“Bu yerga kelayotgan odamlardan haqiqatni yashirish niyatimiz yo’q. Afsonashunoslik bilan shug’ullanmaymiz”, - deydi direktor o’rinbosari Sergey Ponomarev.

Biroq faollar va mustaqil kuzatuvchilar bunday emas deb aytadi.

“Deylik, bir eksponat qo’yishdi, ammo qatag’onlar yoki siyosiy mahbuslar haqida lom-mim deyishgani yo’q. Muzey gidlari lager qo’riqchilarining qattiq mehnati, astoydil mehnati haqida hikoya qilishga kirishganida xalqqa bu narsa yoqmadi, muzey rahbariyati bundan voz kechishga majbur bo’ldi”, - deydi maskan asoschisi.

Aprel oyida “Levada” markazi o’tkazgan ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, Iosif Stalinga ijobiy yondashadigan rossiyaliklar soni 51 foizga yetgan. Shmirov hukumatni bunda ayblaydi.

“Matbuot xilma-xilligi yo’q jamiyatda omma fikrini shakllantirish qiyin emas”, - deydi u.

Muzeyga kelayotgan odamlar Stalin paytidagi “Buyuk terror” haqida ma’lumot olayotganini aytarkan, kuzatuvchilar yopiq mavzular ham bor, deydi.

“Masalan, davlat o’z xalqini ommaviy ravishda qirgani haqida gapirishmaydi. Ular uchun bu, xuddiki, tabiiy ofatdek, vabodek bir narsa”, - deydi “Memorial” vakili Robert Latipov.

Unga ko’ra, o’tmishning og’riqli tomonlarini inkor etish va unutish uning takrorlanishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG