Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 37-kun tafsilotlari. Rossiya hududiga zarba


Mariupol, Ukraina
Mariupol, Ukraina

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Rossiya qo’shinlari bir necha yo’nalishda hujumlarga zo’r bermoqda. AQSh rasmiylariga ko’ra, Mariupol shahri bir necha kunda rus askarlari nazoratiga o’tadi. Payshanba kuni harbiy vertolyotda qurshovdan chiqishga uringan ukrainalik harbiylar nishonga olinib, 17 odamdan 15 tasi halok bo’lgan.

Xalqaro hayot - 1-aprel, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:11 0:00

"Donbass, Mariupol, Xarkov yo’nalishlarida rus qo’shinlari qattiq zarba berishga hozirlanmoqda, O’zimizni himoya qilamiz. Bosqinchilarni haydab, yurtimizni bu zulmdan tozalash uchun qo’ldan kelgancha harakat qilamiz”, - dedi Zelenskiy.

Kecha Ukraina rahbari xavfsizlik xizmati tizimidagi ikki yuqori lavozimli generalni xiyonatda ayblab, unvonidan ayirdi, ishdan oldi.

Rossiyalik rasmiylarga ko’ra, bugun Ukrainaga qarashli ikkita harbiy vertolyot Rossiyaning Belgorod shahriga kirib, neft bazasini o’qqa tutgan. Qurbonlar haqida ma’lumot yo’q. Voqea Ukraina chegarasidan 35 kilometr narida sodir bo’lgan.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Belgorodni kim nishonga olganidan bexabar ekanini aytadi.

Ukraina davlat atom kompaniyasi “Energoatom”ning bildirishicha, Chernobildagi atom elektrostansiyasini nazorat qilib turgan rus qo’shinlari nurlanish xavfidan xavotirlanib, hududni tark etgan.

1986-yilda stansiyadagi avariya natijasida reaktorlardan biri portlab, atrofdagi katta hududlar nurlangan edi.

BMT mutaxassislari inshootni ko’zdan kechirib, nurlanish darajasini o’rganmoqchi.

AQSh va G’arb sanksiyalari natijasida moliyaviy va iqtisodiy muammolarga yuz tutayotgan Rossiya Osiyoda Xitoy va Hindiston kabi hamkor davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirishga kirishgan. So’nggi ikki kun Xitoyda yuqori lavozimli rasmiylar bilan muloqot qilgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun Dehliga bordi.

Xitoy ham, Hindiston ham Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralamagan.

"Hindiston barcha dalillarni hisobga olgan holda vaziyatga yondashayotganidan xursandmiz. Dehli bilan maxsus imtiyozli strategik hamkorlikni yo’lga qo’yyapmiz”, - dedi Lavrov Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar bilan uchrashuv chog’ida.

Bundan bir kun oldin Dehlida bo’lgan AQSh va Britaniya rasmiylari bu mamlakatni Rossiyaga G’arb sanksiyalarini aylanib o’tishda yordam bermaslikka undashga harakat qildi.

Xususan AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisining o’rinbosari Dalip Singxning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Hindistonni Rossiyadan yoqilg’i sotib olayotgani uchun jazolamaydi, biroq bu sohada savdoning jadallashmasligini istaydi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass ham Hindistonda bo’lib, Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni himoya qildi.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Hindiston Rossiyadan xom neftni chegirma bilan xarid qilmoqda. Yolg’iz bir oyda 13 million barrel yoqilg’i sotib olingan. O’tgan yilgi 12 oyda esa 16 million barrel. Urush tufayli Ukraina bilan kungaboqar yog’ining savdosi to’xtagach, Dehli uni Rossiyadan sotib olishga qaror qildi. Hindiston Rossiyaning uzoq yillardan beri qurol savdosi bobidagi hamkori hamdir.

Rossiya bugundan boshlab ayrim mamlakatlar bilan gaz va neft savdosini rublga o’tkazmoqda. Tashqi ishlar vaziri Lavrovning aytishicha, Moskva Dehli bilan milliy valyutada savdo qilishni ko’pdan beri muhokama qilib keladi.

G’arb mamlakatlari Rossiyani yakkalashga harakat qilayotgan bir paytda Dehli aholisi unga xayrixoh ekanini bildirmoqda.

"Hindiston dunyoda Rossiyachalik hech bir mamlakatga ishonmaydi. Rossiya bizni hamisha qo’llab-quvvatlab kelgan”, - deydi Ramesh Kumar ismli bir talaba.

Rossiya AQShni Ukrainada biologik qurollar ustida maxfiy izlanish olib borganlikda ayblarkan, Davlat Dumasida tashkil etilgan taftish komissiyasi to’rtta ishchi guruhi tuzib, bu masalani chuqurroq o’rganishga kirishmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainada qo’lga kiritilgan hujjatlarga ishora qilib, laboratoriyalarda ishlangan kuydirgi, vabo, tyularemiya kabi patogenlar Ukrainadan AQShga olib chiqilganini ta’kidlamoqda.

Rossiyaga ko’ra, ushbu laboratoriyalarni moliyalashga AQSh Prezidenti Jo Baydenning o’g’li Xanter Bayden qo’l urgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG