Breaking News

Ukraina urushi Turkiya iqtisodiyotiga qanday ta'sir qilyapti?


Ukraina urushining Turkiya bizneslariga ta'siri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:58 0:00

Ukraina urushi nafaqat Rossiya va Ukraina, balki butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Urushga tortilgan ikki mamlakat bilan yaqin iqtisodiy va tijoriy hamkorlikka ega Turkiya bu ta’sirni allaqachon o’zida his qilishni boshladi.

Oziq-ovqat va yoqilg’i narxlari oshgan. So’nggi oylarda jiddiy yo’qitishlarga uchragan milliy valyuta hanuz beqaror. Iqtisodiyotning muhim o’zagi bo’lgan yengil sanoat eksporti, ayniqsa, katta zarar ko’rmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, urush boshlangan ilk haftalardayoq Ukraina va rossiyalik savdogarlar yengil sanoat mahsulotlari uchun berilgan 200 million dollardan ortiq buyurtmalarni bekor qilgan. Agar ixtilof davom etsa, Turkiyaning kiyim-kechak va charm mahsulotlari sanoati bir milliard dollargacha yo’qotishga uchrashi mumkin.

Odatda, xorijlik savdogarlar bilan gavjum Istanbulning Laleli mahallasidagi do’konlarda bugun odamlar qatnovi siyraklashgan.

“Rossiya va Ukrainadan mijozlarimiz ko’p edi. Ilgari ular bilan juda yaxshi ishlar edik. Ammo urushdan keyin ishlar yomonlashdi. Hozir Rossiyaga mol ketmayapti. Gruziya orqali o’tayotganmish, lekin u ham bir oy vaqt olyapti. Ukrainadan esa hech kim kelmayapti, lekin kargo orqali oz-ozdan mol jo’natyapmiz. Yuk jo’natish 90 foizga kamaygan”, - deydi Istanbuldagi do’kon sohibi Vehbi Aslan.

Nafaqat Ukraina va Rossiya, balki Belarus, Moldova, Ruminiya kabi Yevropa davlatlari, xususan, Qozog’iston, O’zbekiston va Tojikiston kabi O’rta Osiyo o’lkalari bilan ham tijorat sekinlashgan.

“O’zbekistondan biroz kamayish bor, lekin ular bilan odatdagi savdolarimiz davom etyapti. Tojikistonda muammo bor. Ular dollar ololmayotgan ekan, bizga pul jo’natisha olmayapti. Qozog’istonda ham shunday muammo bor. Bir oydan keyin hammasi yana iziga tushar, degan umiddaman”, - deydi Aslan.

Istanbuldagi tilla do’konlarining xaridorlari ham, asosan, xorijliklar edi.

“Rossiya va ukrainaliklar jami mijozlarimizning 70 foizini tashkil qilar edi. Urush tufayli ukrainaliklar ortiq kelmayapti; zotan, ular o’z o’lkalarini ham tark etyapti. Ruslar ham rubl qimmatlashgani tufayli kelmay qo’ydi. Savdolarimizning 70 foizini boy berdik”, - deydi o’zini Gabriel deb tanishtirgan tilla savdogari.

Istanbul – minglab o’zbekistonliklarini o’z bag’riga sig’dirgan ulkan shahar. Urush mehnat muhojirlari hayotiga qanday ta’sir qilmoqda?

“Turkiyadagi o’zbeklarga ta’siri, asosan, aviabilet masalasida bo’lyapti. Keyin, Turkiyada dollar kursining oshgani sababli o’zbekistonliklar Rossiyaga ketayotgan edi, endi bu ketishlar ham to’xtab qoldi. Chunki Rossiyada ham, Turkiyada ham dollar kursi tenglashib qoldi”, - deydi “Easy Booking” kompaniyasining Istanbuldagi vakili Beknazar Raxmatov.

Urush boshlanishi ortidan Turkiyaga kelayotgan rossiyalik va ukrainaliklar soni oshgan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko’ra, ukrainalik qochqinlar soni 60 mingga yaqinlashgan. Rossiyadan kelganlar esa 15 ming atrofida.

Bu o’z navbatida turar-joy ijara narxlarining oshishiga sabab bo’lmoqda.

“Rossiyaliklar ham juda ko’p. Ijara narxlari oshganini kuzatishimiz mumkin. Taksida bir Rossiya fuqarosi bilan gaplashib qoldim. Eng oxirgi puliga, 800 dollarga bilet olib Turkiyaga kelganini aytdi… Bundaylar juda ko’p. Narx-navo oshganini yurtdoshlarimiz ham sezyapti. Ilgari ijaraga uyni 100-150 dollarga topish mumkin bo’lgan bo’lsa, hozir 300-400 dollarga chiqib ketdi”, - deydi Raxmatov.

Urushning qachon tugashi noma’lum. Turkiyalik tadbirkorlarning esa kelajakdan umidlari u qadar yuqori emas.

“Urush tugasa ham, tugamasa ham, kelajak oylar qiyin bo’ladi. Urush tugadi, deyishgan taqdirda ham, Ukraining vayron bo’lgani, Rossiya iqtisodiyotining endi cho’kishi hisobga olinsa, buning ta’siri hali uzoq yillar davom etadi”, - deydi Gabriel.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG