Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 84-kun. "Azovstal"dan yana salkam 700 harbiy chiqdi


Zavoddan chiqayotgan ukrainalik harbiylar tintuv qilinmoqda
Zavoddan chiqayotgan ukrainalik harbiylar tintuv qilinmoqda

Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, seshanba oqshom Mariupol shahrining “Azovstal” po’lat zavodidan yana 700 ga yaqin ukrainalik harbiy chiqib taslim bo’lgan. Jami so’nggi ikki kunda zavodni 959 harbiy tark etgan.

Xalqaro hayot - 18-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00


Og’ir yaradorlar kasalxonaga jo’natilgan, qolganlari bilan tergovchilar shug’ullanmoqda.

Asirlarning bir qismi Ukrainada qo’lga tushgan rus harbiylariga ayirboshlanishi kutilmoqda, biroq “Azov” millatchi polki jangchilari bo’lginchi Donetsk va Lugansk hududlarida sudga tortilishi mumkin. Rossiya "azovchi"larni natsistlar deb biladi va ularni ko'plab jinoyatlarda gumon qilmoqda.

Polkning zavod bunkerlarida jon saqlayotgan qo’mondonlari hozircha taslim bo’lmagan. Bir oy oldin ular boshqa joylarda taslim bo’lgan askarlar qarorini “sharmanda” deb atagan edi.

Rossiya qurolli kuchlari so’nggi hujumlarida Ukraina tarafida jang qilgan yollanma xorijliklar, o’q-dori omborlari, harbiy samolyot, S-300 havo mudofaasi tizimi hamda yaqinda AQShdan yetkazilgan 155-millimetr kalibrli M777 gaubitsa batareyasi yo’q qilinganini ma’lum qildi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Chernigov, Sumi, Lvov viloyatlari hujumga uchraganini tasdiqladi. Zelenskiy “Azovstal”da jon saqlagan harbiylarning taslim bo’lganini “evakuatsiya” deb atamoqda.


Rossiyaning Ukrainadagi urushidan xavotirga tushgan va o’nlab yillar davomida betaraf siyosat yuritib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo’lish uchun bugun rasman ariza berdi.

"Bu tarixiy qadam. NATO a’zolari endi arizani ko’rib chiqadi. Barcha a’zo davlatlarning xavfsizlikka doir manfaatlari inobatga olinadi. Masalani tezkor hal qilishga tayyormiz”, - dedi alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Jarayon bir yilgacha vaqt olishi mumkin. Bu ikki davlat tashkilotga kirishi uchun uning barcha 30 a’zosi rozi bo’lishi kerak.

Hozircha yolg’iz Turkiya e’tiroz bildirmoqda. Prezident Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, buning uchun Shvetsiya va Finlyandiya kurd bo’lginchilariga boshpana berish siyosatidan voz kechishi zarur.

Anqaraga ko’ra, bu ikki mamlakat Kurdiston ichchilar partiyasi, suriyalik kurd faollari hamda 2016-yilda davlat to’ntarishiga harakat ortida turganlikda ayblanayotgan Fathulla Gulen tarafdorlarini o’z bag’riga olgan. Turkiyaning bildirishicha, Shvetsiya va Finlyandiya 33 odamni ekstraditsiya qilish talabini qondirmagan.

"Terrorchilarni bizga bermoqchi emassiz, ammo NATOga a’zo bo’lish uchun bizdan ruxsat so’rayapsizmi? NATO xavfsizlik tashkiloti, shuning uchun bu tashkilotni uning xavfsizligidan ayira olmaymiz”, - dedi Erdog’an.


Siyosiy tahlilchilarning fikr bildirishicha, Erdog’an Turkiyaning roziligi uchun kattaroq narsalarni undirmoqchi. Xususan, Anqara AQShning F-35 qiruvchi samolyoti dasturiga qaytmoqchi hamda qo’shimcha F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olib, mavjud aviaflotini ta’mirlamoqchi.

Anqaraning Rossiyadan S-400 havo mudofaasi tizimini sotib olganidan norozi Qo’shma Shtatlar Turkiya bilan harbiy hamkorlikni cheklab qo’ygan edi. Yevropadagi ayrim siyosatchilar Turkiya Finlyandiya va Shvetsiya arizalarini bloklashga harakat qilsa, uni NATOdan haydashni taklif etmoqda.


Rossiya Ukrainada AQSh va NATO bilan bilvosita olishayotganini bildirar ekan, Yevropa davlatlarining rus diplomatlarini haydashiga javoban bugun Shvetsiya, Ispaniya, Italiya va Fransiya elchixonalarining o’nlab vakili Rossiyadan haydalishi haqida ma’lum qildi. Xususan Fransiyaning 34, Ispaniyaning 27, Italiyaning 24 diplomati persona-non-grata deb e’lon qilindi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketiga hanuz kelisha olmayapti. Vengriya rus neftidan voz kechmasligini bildirmoqda. Qo’shma Shtatlar Yevropaga Rossiyadan xarid qilinayotgan neftga import tariflari qo’yishni taklif etyapti.

Biroq Kremlning bildirishicha, bunday harakat neft mahsulotlari narxini ko’tarib yuboradi.

Ukrainadagi urush global iqtisodiyotga bevosita ta’sir qilarkan, Kiyevga harbiy yordam uzatishda jon kuydirayotgan Britaniya 1982-yildan beri eng yuqori inflyatsiya bilan yuzlashmoqda.

Aprel oyida bu mamlakatda inflyatsiya darajasi 9 foiz atrofida qayd etildi, funt sterling qadrsizlanmoqda, narxlar, ayniqsa yoqilg’i narxlari keskin o’syapti.

Oziq-ovqat jamg’armasi o’tkazgan izlanish natijasiga ko’ra, Britaniyada balog’at yoshiga yetgan aholining ikki millioni yo’qsillik sabab so’nggi bir oyda bir kun tuz tatimagan, 2,6 million bola kamroq ovqat yemoqda, 7,3 million fuqaro oziq-ovqat kamomadi bilan yuzlashmoqda.

Ba’zi siyosatchilar bundaylarga ko’proq soat ishlashni yoki maoshi kattaroq ishga o’tishni tavsiya qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG