Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 82-kun. NATOga yangi a'zolar Rossiyaga tahdid bo'ladimi?


Yakshanba kuni Bryusselda NATOga a’zo mamlakatlar bosh diplomatlari bilan uchrashuvda qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qo’shma Shtatlar Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga qo’shilish rejasini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Xalqaro hayot - 16-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:28 0:00

“Bugungi majlisda Shvetsiya va Finlyandiya tashqi ishlar vazirlari ham qatnashmoqda. Har ikki mamlakat NATO va AQShga yaqin hamkorlar. Agar ular alyansga a’zo bo’lishga ariza bersa, biz buni qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi Blinken.

Rossiya bilan 1300 kilometrdan ortiq chegaraga ega Finlyandiya Prezidenti Sauli Niiniste Rossiya rahbari Vladimir Putinga qo’ng’iroq qilib, mamlakatining NATOga qo’shilish sababini tushuntirib berdi.

Putin Rossiyaning Finlyandiyaga hujum qilish niyati yo’qligini bildirib, bunday qaror oqibatlari haqida ogohlantirgan.

“Vaziyat o’zgarganini ma’lum qildim. A’zolikka ariza beramiz. Putin nazarida, bu xato. “Sizga tahdid emasmiz” dedi u. Suhbatimiz bosiq ohangda o’tdi”, - dedi Niiniste.

Finlyandiya hukumati qarorini parlament tasdiqlashi lozim. Jarayon bir necha oyga cho’zilishi mumkin. Bu davr mobaynida Rossiya Finlyandiyaga qarshi chora ko’radimi, yo’q, hozircha ma’lum emas, biroq bugun xabar berilishicha, Rossiya Finlyandiya chegarasida “Iskandar” raketalarini joylashtirishga qaror qilgan.

Bugun Moskvada Kollektiv xavfsizlik shartnomasi kengashining yubiley sammitida ma’ruza qilgan Prezident Putinning ogohlantirishicha, NATO harbiy infratuzilmasining kengayishi Rossiyani javob choralariga majburlaydi.

"Bu choralar qanday bo’lishi biz uchun yaratilayotgan tahdidlarga bog’liq. Muammolar hech bir sababsiz yaratilmoqda. Shunga yarasha javob beramiz”, - dedi Putin.

Finlyandiya va Shvetsiya arizasini Turkiya to’sib qo’yishi mumkin. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, Skandinav mamlakatlari Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSh terrorchi deb bilgan “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga xayrixohligidan voz kechmasa, Anqara ularni alyansga qo’ymaydi.

Bryusseldagi NATO majlisida Finlyandiya va Shvetsiya vazirlari bilan ko’rishgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho’g’lining aytishicha, bu ikki mamlakat o’z hududiga sig’ingan terrorchi guruhlarni qo’llab-quvvatlashni bas qilishi, aniq xavfsizlik kafolatlarini berishi, Turkiyaga qo’yilgan eksport taqiqlarini bekor qilishi kerak.

"Bu do’q-po’pisa emas. Manfaatlarimizni olg’a surish uchun savdolashayotganimiz ham yo’q”, - dedi u.

Bu o’rtada Turkiyaning janubdagi Adana viloyatida yuzlab odam AQSh va NATO kuchlari joylashgan Injirlik harbiy-havo bazasi yonida norozilik namoyishi o’tkazdi. Namoyishchilar NATOni Turkiyadan chiqib ketishga chaqirdi.

Turkiya NATOga 1952-yilda a’zo bo’lgan. Ayrim xabarlarga ko’ra, Injirlik bazasida taktik yadro qurollari saqlanadi.

"Bazadan hamisha qo’shni davlatlarni nishonga olishda foydalanishgan. Unda yadro qurollari ham bor. Bazani yopish kerak. Bu qurollar Turkiyani nishonga aylantirgan, mamlakatimiz hujumga uchrashi mumkin. Mustaqil Turkiyada AQSh yoki NATO bazalarining bo’lishi mumkin emas”, - deydi namoyishchilardan biri.

Ukraina NATOga ikkita yangi davlat qo’shilishi ehtimolini olqishlamoqda.

“NATO siyosiy xatolaridan saboq olganini ko’ryapmiz”, - deydi Ukraina bosh vaziri o’rinbosari Olga Stefanishina.

Kreml jarayonni diqqat bilan kuzatayotganini bildirdi.

"Bu juda ham jiddiy va xavotirga molik mavzu”, - dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Unga ko’ra, Rossiyaning na Finlyandiya, na Shvetsiya bilan hududiy nizosi bor.

NATO kengayishini Ukrainadagi urushga sabablardan biri qilib ko’rsatgan Kreml Shvetsiya va Finlyandiyaning alyansga kirishiga ko’z yummasligini bildirdi.

Bu ikki mamlakat shu kungacha betaraf siyosat yuritib kelayotgan edi.

AQSh qonunchilaridan iborat delegatsiya bugun Xelsinkida bo’lib, Finlyandiya NATOga a’zolik uchun ariza bersa, uni avgustgacha hal qilishga so’z berdi.

Shanba kuni Kiyevga tashrif buyurgan AQSh qonunchilari Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. AQSh Senati o’tgan hafta Ukraina uchun 40 milliard dollarlik yordamni o’z ichiga olgan qonun loyihasini tasdiqlay olmadi. Berilayotgan pulning qanday sarflanishini nazorat qilish mexanizmini talab qilgan respublikachi senator Rend Pol hujjatni bloklab qo’ydi.

Yana bir respublikachi qonunchi Matt Gets Oq uyning AQSh xavfsizligini o’ylamasdan Ukrainani to’xtovsiz qurollantirish siyosatini keskin tanqid qildi.

Gets Ukrainaga qurol uzatishni osonlashtiruvchi lend-liz haqidagi qonun loyihasiga ham, Ukraina uchun 40 milliard dollarlik yordam paketiga ham qarshi ovoz bergan. Uning aytishicha, Ukrainani qurollantirish tarafdori bo’lgan qonunchilarning asl maqsadi Ukrainaga yordam berish emas, balki Rossiyada hokimiyatni almashtirish.

Gets Ukrainaga atalgan qurollarning bir qismi “qora tuynuk”ka tushib ketayotganini, ya’ni qora bozorda sotilishini taxmin qildi.

“Bir yil oldin qurollangan cho’ponlarga qarshi urushda mag’lub bo’ldik. Endi esa 6000 ta yadro kallakchalariga ega mamlakat bilan jang qilmoqchimizmi?”, – dedi Gets AQShning Afg’onistondagi 20 yillik urushini nazarda tutib.

Moskvadagi sammitda so’zga chiqqan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Kollektiv xavfsizlik shartnomasi bitimiga a’zo Armaniston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Rossiyani G’arbga qarshi birlashishga chaqirdi.

"Birlashmasak, kollektiv G’arb sobiq sovet hududiga bosim qo’yishda davom etadi”, - dedi u.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko’ra, G’arb uning mamlakatiga qarshi total gibrid urush e’lon qilgan va uning qancha davom etishi ma’lum emas.

"To’g’ridan-to’g’ri to’qnashuvning oldini olishga harakat qildik, biroq bizni jang maydoniga chaqirishdi va bu taklifni qabul qildik. Sanksiyalar biz uchun yangilik emas, ular doim u yoki bu shaklda bo’lgan”, - dedi Lavrov.

Unga ko’ra, G’arbning Rossiyani yakkalashga qaratilgan harakatlari natija bermaydi, chunki Rossiya bilan munosabatlar Xitoy, Hindiston, Jazoir va Fors ko’rfazi davlatlari uchun muhim.

Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov va Kremlga ko’ra, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi va Federal qidiruv byurosi rus elchixonasi xodimlarini o’z tomoniga og’dirishga, ularni o’z xizmatiga yollashga harakat qilmoqda.

Elchi Antonovning aytishicha, xodimlarga jismoniy do’q-po’pisalar bo’lyapti.

Bugun Mariupoldagi “Azovstal” zavodida rus hujumlaridan jon saqlayotgan ukrainalik jangchilarning bir qismi taslim bo’lgan, ayniqsa yaradorlar zavod bunkerlaridan chiqishga majbur bo’lgan. Ukraina tomoni sal avval ichkarida 600 ga yaqin yarador borligini ma’lum qilgan. Rossiya zavoddan 50 nafar odam chiqqanini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG