Saudiya Arabistoni boshchiligida islomiy harbiy koalitsiya ishga tushdi

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonida islomiy harbiy koalitsiya tuzilgani munosabati bilan unda qatnashayotgan davlatlarning mudofaa vazirlari uchrashdi. Rasmiy bayonotga ko'ra, aholisi asosan sunniylardan iborat 41 mamlakat global terrorizm va ekstremizmga qarshi birlashmoqda.

Pokiston armiyasi sobiq rahbari Rohil Sharif yangi tuzilmaga boshliq etib tayinlangan. Riyodda ochilish marosimida so'zlagan Sharif a'zo davlatlar aksil-terror amaliyotlarini o'tkazishda koalitsiyadan yordam olishini aytdi.

"Bir qancha davlatlar qurolli kuchlarining va huquq-tartibot tizimlarining zaifligi bois terrorchi guruhlarga qarshi kurashda qiynalmoqda" - deydi general.

Tarafdorlar Saudiya boshliq yangi koalitsiyani "Musulmon NATO" deya e'tirof etayotgan bo'lsa, tanqidchilar nazarida, bu mazhabga asoslangan qaror bo'lib, Eron, Suriya va Iroqqa qarshi qaratilgan bo'lishi mumkin.

Saudiya Arabistoni rasmiylari islomiy armiya haqida ilk bor 2015-yilda e'lon qilgan. Uning missiyasi - terrorizmga qarshi kurash, xususan "Islomiy davlat" xavfini bartaraf etish. Eron deydiki, aslida qirollik mintaqada o'z ta'sirini yoyishga harakat qilmoqda.

Pokiston koalitsiyaga a'zo ekani va pokistonlik general unga rahbar etib tayinlangani Islomobodda bahslarga sabab bo'lmoqda. Islomobodning ishtiroki, deydi tanqidchilar, shia jamoalar hamda qo'shni Eron bilan aloqalarni chigallashtiradi.

Shu hafta Pokiston parlamenti hukumatdan koalitsiya doirasida biror majburiyat olishdan oldin u bilan maslahatlashishni so'radi. 27-noyabr kuni Pokiston bosh vaziri boshchiligidagi delegatsiya Riyodga safar qiladi. Qanday mavzular muhokama etilishi hozircha noma'lum.

"Agar Saudiya Arabistoni terrorga qarshi koalitsiyadan geosiyosiy dushmanlariga zarba berish va mazhabiy targ'ibot uchun foydalansa, Pokiston bunday balolardan uzoqroq yurgani ma'qul", deb yozadi Pokistonning ingliz tilida chiqadigan "DAWN" gazetasi.

Maqolada Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning Eronga nisbatan tanqidlari misol qilib keltirilgan. Shahzoda Eron oliy peshvosini "Yaqin Sharqning Gitleri" deb atagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG