Qatar arab davlatlari qo'ygan talablarni rad etdi

  • Amerika Ovozi

Doxa, Qatar

To'rt arab davlati terrorizmni qo'llab-quvvatlashga doir ayblov yuzasigan qo'yilgan talablarga Qatardan javob olganini ma'lum qildi. Fors ko'rfazi hamkorligi kengashiga a'zo davlatlar Qatarni bir qator masalalarda, xususan, terrorizmni qo'llab-quvvatlashda ayblab, diplomatik aloqalarni to'xtatgan va Doxadan bu boradagi siyosatini o'zgartirish bo'yicha 13 ta talabni bajarishni so'ragan edi.

Qatar bu ayblovlarni inkor qilib, qo'yilgan talablarni bajarishdan bosh tortdi. Saudiya Arabistoni o'rtada vositachi bo'lgan Quvayt orqali Doxaning rasmiy javobini olganini ma'lum qildi. Tez orada bunga rasmiy munosabat bildirilishi ham e'lon qilindi.

Doxaga qo'yilgan ultimatumda Qatardagi Turkiya harbiy bazasini yopish, "Al-Jazira" telekanalini tugatish hamda Eron bilan aloqalarni cheklash kabi talablar bor.

Tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdurahmon al-Tani bunday talablarning haqiqatdan yiroqligini va mamlakat suverenitetiga aralashish ekanini aytdi.

Al-Taniga ko'ra, Fors ko'rfazidagi diplomatik inqiroz muloqot yo'li bilan hal qilinishi kerak.

Qatar qo'shimcha moliyaviy jazo choralariga yo'liqishi va hatto Fors ko'rfazi hamkorlik kengashidan chiqarib yuborilishi mumkin. Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zayid al-Nahyanning aytishicha, terrorizmni mag'lub qilish uchun ekstremistlarga boshpana berayotganlarga ham qarshi kurashish kerak.

Kuzatuvchilar fikricha, Qatarga qo'yilayotgan bosim Doxani yo'lidan qaytara olmaydi; aksincha, uni Turkiya va Eronga yanada yaqinlashtiradi.

Qohirada Misr, Saudiya Arabistoni, BAA hamda Bahrayn tashqi ishlar vazirlari yig'ilib, navbatdagi qadamni muhokama qilishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG