Breaking News

Sarmoyadorlar Saudiya Arabistonidagi beqarorlikdan xavotirda


Qirol Salmon bin Abdulaziz va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon suratlari aks etgan bino, Riyod, Saudiya Arabistoni, 9-noyabr, 2017-yil.

Korrupsiyaga qarshi kurash nomi ostida Saudiya Arabistonining bir nechta shahzodasi va sobiq rasmiylari hibsga olinishi ketidan mamlakatda va xalqaro hamjamiyat vakillarida umid bilan birga, xavotirlar ham kuchaydi. Xorijlik diplomatlar va sarmoyadorlar vaziyat qanchalik barqaror ekani haqida savollar so'ramoqda.

32 yoshli valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon haqiqatdan ham korrupsiyaga qarshi keskin kurash va islohotlar yo'lidan boryaptimi yoki o'z hokimiyatini mustahkamlash uchun raqiblarini maydondan chetlashtirmoqdami?

Saudiya poytaxtida aylanib yurgan gap-so'zlarga qaraganda, hibsga olish ishlari hali to'xtagani yo'q va kelasi kunlarda yanada ko'proq odamlar qamoqqa olinishi mumkin. Qirollikda korrupsiyadan uzoq yillar aziyat chekkan o'rta qatlam fuqarolar bu islohot va yangiliklardan xursand, ammo xorijlik sarmoyadorlar vaziyatni ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda.

Ayrim tahlilchilarga ko'ra, valiahdga qarshi guruhlarning bosh ko'tarishi ehtimoli kam. So'nggi hibslar ortidan ularning hokimiyatga qarshi chiqish imkoniyati yanada kamaydi, deydi "Chatham House" tadqiqot guruhi tahlilchisi Jeyn Kinninmont.

Ammo yangi islohotlarga qarshilik yuqoriligicha qolishi kutilmoqda. Shahzodalardan tortib diniy arboblargacha bo'lgan guruhlar orasida valiahdning dushmanlari ko'p.

Muhammad bin Salmon tashqi siyosatda ham keskin o'zgarishlarga qo'l urgan. Riyod qo'shni Yamanda Eron himoyasidagi hutiylarga qarshi urush e'lon qilgan bo'lsa, Livandagi mojarolarda ham faol qatnashmoqda.

"Agar hukumat barqarorligi haqida ishonchingiz komil bo'lmasa, hech kim bir loyihaga 300 million dollar pul tikmaydi", - deydi Jons Xopkins universiteti professori Jin-Fransua Seznek.

Muhammad bin Salmon diniy sohada ham islohotlarga qo'l urgan. Masalan, ayollarning mashina haydashiga qo'yilgan taqiq bekor qilindi; diniy politsiya vakolatlari kamaytirildi. Shahzoda mamlakatni islomning mo'tadil talqini sari boshlamoqchi ekanini aytgan.

Mamlakat iqtisodiyotining neftga qaramligini kamaytirish bo'yicha ham ishlar olib borilmoqda. Shu paytgacha monarxiyaning tayanchi ikkita edi: neftdan olingan boylik va qirollik himoyasidagi vahhobiy ulamolar guruhi. Valiahd shahzoda har ikki jabhada islohotlar qilinishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG