Yaqinda Saudiya Arabistonida o’nlab odamning qatl etilgani inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar va ba’zi davlatlar hukumatlari tanqidiga sabab bo’ldi. Ular qirollikni omma oldida qatllarni ijro etishni, inson huquqlarini poymol qilishni bas qilishga chaqirmoqda.
22-aprel kuni Saudiya Arabistonida 37 ta erkakning boshi tanasidan judo etildi. Ularning 34 nafari shia bo’lib, terrorizmga aloqador jinoyatlarda ayblangan edi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, inson huquqlarini muntazam ravishda buzib kelayotgan bu mamlakatda 2017-yilda shahzoda Muhammad bin Salmon valiahdlikka tayinlanganidan beri huquq bilan bog’liq vaziyat yanada yomonlashgan.
“So’nggi ikki yilda qirollikka qarshi har qanday tanqid qattiq bostirilmoqda”, - deydi inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi Londonda asoslangan “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo’yicha bo’limi rahbari Filip Nassif.
Shialarga qarshi zug’um
Mutaxassislar nazarida, ta’qib va zug’umga asosan shialar uchramoqda. Ular Saudiya Arabistonida aholining 10-15 foizini tashkil etadi.
“Eng so’nggi qatl etilganlarning aksariyati shialar bo’lgan. Ularni anchadan beri ta’qib qilishadi, biroq shahzoda Muhammad bin Salmon valiahd bo’lganidan beri zug’um kuchaygan”, - deydi Nassif “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida.
Uning aytishicha, saudiyalik rasmiylar AQSh hukumatining Eronga qarshi kayfiyatidan foydalanib, har bir mamlakatdagi shialarni – xoh Livanda bo’lsin, xoh Yamanda – Eronga bog’lashga harakat qiladi.
Ommaviy qatllar
22-aprel kuni Saudiya Arabistonida bir kunda 37 kishi terrorizm aybi bilan qatl etildi. So’nggi bor bu kabi ommaviy qatl 2016-yilda kuzatilgan edi. O’shanda ayni ayblovlar bilan 47 odam oliy jazoga tortilgan edi. Shulardan to’rt nafari shia faollari, jumladan, taniqli imom Nimr al-Nimr edi.
Qatl ketidan Eron poytaxti Tehronda Saudiya Arabistoni elchixonasiga namoyishchilar hujum qildi. Elchixona yopilib, ikki mamlakat munosabatlari yanada sovuqlashdi.
Eron oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiy o’shanda ommaviy qatlni insoniyatga qarshi jinoyat deb atadi.
Ehtiyotkorona tanqid
Aprel oyidagi qatl ketidan Eron hukumati oldingiday keskin munosabat bildirmadi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif “Twitter” orqali qatlni qoralab, “Tramp ma’muriyati jurnalistning [Jamol Qoshiqchi] chavoqlanganiga kiprik qoqqan bo’lsa, Saudiya Arabistorida 37 erkakning boshi kesilishi va, hatto, birining Pasxa bayramidan ikki kun o’tib xochga qoqilishi ketidan esa shivirlab ham qo’ymadi. “B” jamoasida a’zolik (Bolton, Bin Salmon, Bin Zayed, Bibi [Netanyaxu]) jinoyatdan daxlsizlik beradi” deb yozdi.
Tahlilchilar nazarida, Eronning Tramp rahbarligidagi Amerika bilan aloqalarining yomonlashayotgani Tehronni Yaqin Sharqda boshqa ishlardan o’zini tiyishga majbur qildi.
“Tehronning Saudiya Arabistonidagi so’nggi voqeaga ko’z yumgani Eron siyosiy pozitsiyasining keskin o’zgarganini va bu pozitsiya yaqin orada o’zgarishsiz qolishini ko’rsatmoqda”, - deydi “Amerika Ovozi”ga ismini oshkor etmaslikni so’ragan tehronlik siyosiy tahlilchi.
Uning aytishicha, Vashington bilan hozirgi ziddiyat, Eronga qo’yilayotgan sanksiyalar va siyosiy bosim Tehronni mintaqadagi ayrim masalalarga yengilroq qarashga majburlamoqda.
Roppa-rosa bir yil oldin Qo’shma Shtatlar Eron bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimdan chiqishga qaror qilishi ketidan Tramp ma’muriyati islomiy respublikani Yaqin Sharqdagi vaziyatni beqarorlashtirayoganlikda ayblab, unga qator sanksiyalar qo’ygan.
“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti mutaxassisi Nassifning aytishicha, sanksiyalar Eronni AQShning mintaqadagi ittifoqchilari harakatlariga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirishga majbur qildi.
“Eron Saudiya Arabistonini 100 foiz AQSh himoyasida deb bilarkan, Qo’shma Shtatlar Tehron bo’yniga solingan arqonni qattiqroq tortishga bahona qidirmoqda, deydi. Shu sabab Eron qadamini o’ylab bosmoqda”, - deydi Nassif.
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, Tehron pozitsiyasining zaiflashishiga uning 2016-yilda Saudiya elchixonasiga qilingan hujumga sust munosabatining xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilingani sababdir.
“Shuning uchun ham Eron bu safar 2016-yilda bo’lgani kabi qattiq shovqin ko’tarmayapti. Masalan, Saudiya Arabistonida ommaviy qatl ketidan uyushtirilgan namoyishlar yoki qatlga noroziliklarni ko’rmayapmiz”, - deydi Eron bo’yicha londonlik mutaxassis Karim Dahimiy.
AQSh pozitsiyasi
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibining Amerika ommaviy axborot vositalariga aytishicha, Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistoni hukumatini hibsdagilarga adolatli sud jarayonini kafolatlashga chaqirmoqda.
AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo’yicha komissiyasi ikki hafta oldin yangi yillik hisobotini chop etib, Saudiya Arabistonini diniy erkinliklarni muntazam ravishda buzib kelayotgan 16 ta mamlakat ro’yxatiga qo’shdi.
2018-yil oktabrida jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligida o’ldirlishi ketidan AQShning bir guruh demokrat va respublikachi senatorlari qotillikka aloqador shaxslarni sanksiya bilan jazolovchi qonun qabul qildi.
Tahlilchi Nassif nazarida, Amerikaning bu qonuni Saudiya hukumatini inson huquqlari bobida siyosatini yaxshilashga majburlashi mumkin.
“Saudiyaliklar AQShdagi har ikki yirik siyosiy partiya vakillarining qirollikning nafaqat Yamandagi, balki keng ma’nodagi harakatlariga qarshi uyushgan norozilik kuchayayotganidan xavotirda”, - deydi ekspert.
Facebook Forum