Breaking News

Ayollar uchun xavfli bo'lgan 10 davlat


Ayollar muammosi dunyoning har nuqtasida har xil. Odam savdosi, tajovuzkorlik, ruhiy va jismoniy bosim, mamlakat iqtisodi, aqida-yu, madaniyat xotin-qizlarning taqdiri, salomatligi, ijtimoiy mavqeiga ta’sirini o’tkazmay qo’ymaydi. "Tomson Reyter" jamg’armasi ayollar uchun eng xavfli 10 ta davlat ro'yxatini tuzdi. Ro’yxat Hindistondan boshlanib, Qoshma Shtatlarda tugaydi.

​Jamg’arma bu safargi tadqiqotida BMTga a’zo 193 mamlakat orasidan ayollar ahvoli eng og’ir bo’lgan 10 davlatni aniqladi. So’rovnomaga 550 dan ortiq ekspertlar jalb qilindi. Bunda ayollarning ijtimoiy mavqei, mamlakatning iqtisodiy ahvoli, aqidalari, madaniyati, xotin-qizlarga nisbatan jinsiy tajovuzkorlik, zo’ravonlik, odam savdosi, jinsiy qullik, ayollar huquqi kabi omillar o'rganildi. Natijalar quyida.

Hindiston - Birinchi o’rinda. Bu hududda ayollarga kuch ishlatish avjida. Tajovuzkorlik,ayollarga jinsiy va maishiy qulday munosabat, majburiy mehnat bu mamlakatda an’anaga aylanib qolgani aytiladi.

Afg’oniston - ikkinchi o’rinda. Bu yerda xotin-qizlarga kuch ishlatish oddiy holat. 17 yillik Tolibon iskanjasi ayollarning salomatligi va iqtisodiy manbalarini kemirib tashlagan.

Uchinchi o’rinda Suriya. Yetti yildan buyon fuqarolik urushi davom etarkan, bu yerdagilarning ham sillasi qurigan. Ayollar salomatligi, ularga kuch ishlatish, oiladagi zo’ravonliklar afg’onistondagi kabi. Jinsiy tajovuzkorlik borasida Suriya va AQShdagi ayollar ahvoli teng.

Somali - Xotin-qizlar hayoti, taqdiri og’ir bo’lgan to’rtinchi o’rindagi davlat. 1991-yildan buyon davom etayotgan notinchlik, avvalo, ayollar salomatligiga jiddiy putur yetkazgan. Xotin-qizlar taqdiri aqidaparastlik, zararli udumlar oqibatida parokanda. Iqtisodiy imkoniyatlardan esa batamom ortda.

Saudiya Arabistoni umumiy holati beshinchi o’rinda. Lekin qirollik xotin-qizlarga konservativ va diskriminatsion qarashlari bilan ikkinchi o’rinda. Ish o’rinlari va mulkka egalik qilish huquqlari o’ta past darajada. Diniy va aqidaparastlik bilan bosim o’tkazishda dunyo bo’ylab beshinchi o’rinda.

Pokiston - oltinchi o’rinda. Iqtisodiy manbalar yuzasidan diskriminatsiya, diniy, madaniy va aqidapadastlikka berilish, ayniqsa, yaqinlari tomonidan o’ldirish (“Honor killing“) bo'yicha to’rtinchi xavfli davlat. Kuch ishlatish, oiladagi zo’ravonliklar odatiy holat, javobgarlikka tortilmaydi.

Kongo demokratik respublikasi - yettinchi o’rinda. Hayot sifati eng ayanchli bo’lgan davlat. Hech qanday boshqaruv tizimi, qonunlar yo’qligidan millionlab odamlar qonxo’r mavjudotga aylanib borayotganidan BMT ogohlantirib kelmoqda. Jinsiy tajovuzkorlik darajasi butkul yuqori darajada.

Yaman - 22 million aholi gumanitar inqirozni boshdan kechirayotgani bilan sakkizinchi o’rinda. Salomatlik, iqtisod, zo’rlik, kamiga an’ana va aqidalar bilan ayollarni ezish davomiy ahvol.

Nigeriya - inson huquqlari butkul poymol bo’layotgan davlat. Boko-Haram jangarilariga qarshi to’qqiz yillik kurashda tinch aholining o’limi, harbiy qiynoqlar, ayollarni zo’rlash avj olgan. Odam savdosi bobida Rossiya bilan bir darajada. Har ikki davlat dunyo bo’ylab to’rtinchi o’rinda. An’ana va illatlarga berilish ham kuchli.

Qo’shma shtatlar - Ayollar muammosi bo’yicha eng xavfli 10 talikka kirib qolgan g’arbdagi yagona davlat. Jinsiy tajovuz, zo’rlash, zo’ravonlikka tahdid borasida AQShdagi ayollar ahvoli Suriya kabi uchinchi o’rinda. Zo’rlangan ayollarga nisbatan adolat yo’q.

"Tomson Reyter" jamg’armasi xuddi shunday tadqiqotni 2011-yilda ham o’tkazgan edi. Unda ayollar uchun eng xavfli besh davlat aniqlanib, Afg’oniston, Kongo demokratik respublikasi, Pokiston, Hindiston va Somali shu ro’yxatga kirgan. Yetti yil oldingi ayanchli beshlikda Saudiya Arabistoni ayollari taqdiri qayd etilmagan. Hindiston esa to’rtinchi o’rin bo’lgan. Bu davlat hozir dunyo bo’ylab ayollar hayoti eng og’ir bo’lgan davlatlar ro’yxatining boshida, birinchi o’rinda. Bu o'lkalardagi ayollar ahvoli yanada tangligicha qolmoqda.


Siz yashayotgan hududda ayollar qanday muammolar bilan yuzlashyapti? Xotin-qizlarning taqdiri, hayoti, salomatligi qanday? Izohlaringizni qoldiring...

Ayollar uchun xavfli bo'lgan davlatlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:32 0:00

XS
SM
MD
LG