Sayfullo Soipov haqida hozirgacha nima bilamiz?

  • Amerika Ovozi

Sayfullo Soipov

29 yoshli Sayfullo Soipov, o'zbek muhojir - Nyu-Yorkda 31-oktabr kuni sodir etilgan terror xurujida ayblanayotgan shaxs.

Politsiya va guvohlarning aytishicha, u ijaraga beriladigan yuk mashinasida Nyu-Yorkning Jahon savdo markazi joylashgan qismida velosipedchilar yuradigan yo'lkada odamlarni yoppasiga bosgan. Keyin mashinadan tushib, ikkita qurol bilan boshqalarga hujum qilgan.

Jami sakkiz kishi o'lgan. O'zi esa politsiya o'qidan jarohatlangan. Kasalxonada operatsiya qilingan. Xo'sh, u o'zi kim?

Sayfullo Soipov global tarmoqda uncha faol bo'lmagandek, chunki biror joyda unga aloqador akkaunt yo'q, bevosita yoki bilvosita, deydi maxsus agentlar.

O'zbekiston ishki ishlar organlarining ma'lumot berishicha, Soipov 1988-yil 8-fevralda Toshkentda tug'ilgan. 2005-yilda kasb-hunar kollejini, 2005-2009 yillarda Moliya institutini bitirgan. Sayohat mehmonxonasida hisobchi bo'lib ishlagan. O'zbekistonda jinoiy tarixga ega emas.

Soipov AQShga 2010-yilda O'zbekistondan kelgan. Ingliz tilini deyarli bilmagan. Avval Ogayo shtatida yashagan. Yuk mashinasi haydab, tirikchilik qilgan. Odamlarga uncha qo'shilmaydigan lekin mehnatkash yigit, deya tasvirlaydi uni bilganlar. Lekin uni bilganlar o'zi juda oz. Amerika axborot vositalari Ogayo shtatidagi tanishlari bilan gaplashganida ular Soipovni odobli va bosiq inson deya ta'riflagan.

Sayfullo Soipov 2010-yilda AQShga kelganidan buyon biror marta O'zbekistonga bormagan. Ota-onasi hamon Toshkentda yashaydi. Shu yoz bobosi olamdan o'tgan.

2013-yilda yigit Amerikada uylangan, o'zbek ayoliga. Uch farzandi bor. Ayni damda Nyu-Jersi shtatining Paterson shahrida yashaydi.

Soipov oldin Florida shtatida yashagan. Tampa shahrida bir kvartirani ijaraga olgan. Haydovchilik guvohnomasi ham shu yerdan.

Yaqindan beri esa muhojir Nyu-Jersi shtatiga ko'chgan. U xuruj uchun ishlatgan yuk mashinasi Florida nomeriga ega, deydi politsiya.

O'tgan yili Missuri shtatida yo'l harakati qoidasini buzgani uchun ushlangan va jarima to'lagan. Jinoiy tarixi yo'q.

Soipov olti oy davomida "Uber" taksi xizmatiga ishlagan. Yo'lovchilarni 1400 dan ziyod manzilga eltgan.

O'zbekiston hukumati bu shaxs haqida nima biladi, mavhum. Soipov konsullik ro'yxatida turmagan. Lekin hukumat mavzu yuzasidan bayonot berishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG