Respublikachilar: Rossiyaning qora ishlariga toqat yo'q

  • Amerika Ovozi

Respublikachi senatorlar Lindzi Grem va Jon Makkeyn hamda demokrat senator Eymi Klobukar

AQShning yetakchi senatorlari Lindzi Grem va Jon Makkeyn, qudratli respublikachilar Rossiyaga yangi sanksiyalar qo'yilishini ma'lum qildi. Kreml kiber-xurujlar uchun jazolanadi, deydi Grem.

Gremga ko'ra, AQSh Kongressi prezident saylovlarida Rossiyadan qilingan kiber-xurujlar ortida kim turgani va ular ta'sirini sinchiklab tekshiradi. Hozircha bir narsa aniq, deydi u: hujumlar Rossiya hukumatining ko'rsatmasi bilan amalga oshirilgan.

Video (ingliz tilida)

"Rossiyaning qora ishlariga boshqa toqat qila olmaymiz", - deydi senator.

Rossiya rahbari Vladimir Putin Vashingtonda yangrayotgan bu ayblovlarni asossiz deb biladi, ularni inkor etib keladi.

Lekin AQSh razvedkasining xulosa qilishicha, kiber-xurujlardan maqsad demokrat nomzod Hillari Klintonga zarar yetkazish bo'lgan. Saylovda respublikachi Donald Tramp yutgan. Kreml ham shuni istagan, deydi rasmiylar.

Oq uy bu hafta Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar e'lon qiladi. Ular iqtisodiy va diplomatik cheklovlardan iborat bo'ladi.

Bo'lajak prezident Tramp bu borada boshqacha fikrda. Uningcha, kiber-xurujlarda Rossiya hukumatini aybdor hisoblash uchun yetarlicha ma'lumot mavjud emas. Mavjud bo'lsa ham Tramp bu haqda bilmasligini aytadi.

Senatorlar Grem va Makkeyn Latviyaga safar qilmoqda. NATO dunyoning bu qismida o'z kuchini oshirgan. Maqsad Rossiya solayotgan xavfga javob berishga shay turish, deydi amerikalik siyosatchilar.

"AQSh NATO doirasida yetakchilik qilishda davom etadi va barcha a'zolarni quvvatlashdan to'xtamaymiz", - deydi Makkeyn.

"Putin agressiv siyosati uchun jazolanadi, sabr kosamiz to'lgan", - deydi Makkeyn, Rigada jurnalistlar oldida so'zlar ekan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG