Breaking News

AQSh moliya siyosati boshqa davlatlarni xavotirga solmoqda


AQSh moliya siyosati boshqa davlatlarni xavotirga solmoqda
AQSh moliya siyosati boshqa davlatlarni xavotirga solmoqda

Qo'shma Shtatlar iqtisodiyotiga yordam tariqasida qo'shimcha dollarni muomalaga kiritmoqchi.

Payshanba kuni jahonning sanoatlashgan 20 yirik davlati rahbarlari Janubiy Koreya poytaxti Seulda to'planib, ikki kunlik sammit davomida valyuta kursi va savdo disbalansini muhokama qiladi.

Iqtisodchilar nazarida ayrim davlatlar valyutasi qiymatini tushirib, eksporti hajmini oshirishga harakat qilmoqda. Ba'zilar buni hatto global valyuta urushi deb ham atamoqda. Frontning qarama-qarshi tomonida AQSh va Xitoy. Vashington Pekinni mahsulotlarini arzonga sotish uchun valyutasi - yuan qiymatini ataylab past ushlab turganlikda ayblasa, Xitoy muammo AQSh savdo kamomadi va dollar zaifligida, deydi.

Xitoy yuan kursini sun'iy ravishda nazorat etayotganini inkor etib, bu boradagi islohotlarni shoshirmaslik kerak, tabiiy sur'atda amalga oshgani ma'qul, deydi.

Prezident Obamaning iqtisodiy masalalar bo'yicha bosh maslahatchisi Lorens Sammersning aytishicha, Seulda masala ko'ndalang qo'yilib, muzokaralardan samara bo'lishi kutilmoqda.

"Xitoy iste'molchidan ta'minotchiga aylangan. Farovonligidan xalqi bebahra qolmasligi kerak. Chetdan xarid qilish kamayib, ichki mahsulotga tayanmoqda", - deydi Sammers.

Sammitda kelishuvga erishamiz deb o'ylayman, deydi u.

Xitoy va Katta Yigirmalikka a'zo ba'zi davlatlar AQSh Markaziy Bankining qo'shimcha dollarni muomalaga kiritish qaroridan norozi. Qo'shma Shtatlar fikricha bu bilan mahalliy iqtisodiyotga kuch bag'ishlash mumkin. Boshqa davlatlar choradan AQSh iqtisodiyotiga foyda bo'lmaydi deb, o'zga mamlakatlar moliya tizimiga salbiy ta'sir ko'rsatishini aytmoqda.

Xitoy Moliya vaziri muovini Zyu Guangyaoning aytishicha, mavzu AQSh rasmiylari bilan ochiq muhokama etiladi.

Xitoy rasmiysiga ko'ra, AQSh dollarni chiqaruvchi davlat sifatida mas'uliyatliroq bo'lishi lozim.

"Qo'shimcha naqd pulning bozorga tushishi moliyaviy barqarorlikka tahdid", - deydi u.

Xitoy bunday siyosat oqibatida dollar zaiflashishidan xavotirda.

Pekin universiteti professori, Xalqaro va strategik izlanishlar markazi xodimi Zyu Fengning aytishicha, Xitoyning yana bir xavotiri shundaki, dollar qadrsizlansa, Xitoyning AQShdagi mulklari va aktivlari bahosi ham tushishi mumkin.

Qo'shma Shtatlar Xitoyga salkam 860 milliard dollar qarz.

Katta Yigirmalik sammiti ketidan dam olish kunlari Yaponiyaning Yokoxama shahrida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi anjumani ham o'tkaziladi. Erkin savdo, xalqaro moliya institutlari islohoti, AQSh moliya siyosati muhokama etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG