Breaking News

Sochida cherkeslar qatliomiga 150 yil to'lmoqda


Bundan 150 yil oldin Sochi sohillarida cherkes musulmonlari yashagan.
Bundan 150 yil oldin Sochi sohillarida cherkes musulmonlari yashagan.
Minglab sayyohlar Sochidagi qishki olimpiada inshootlarini ko’zdan kechirar ekan, bu zamonaviy binolar joylashgan hudud tarixiga oid bahslar qayta bosh ko’tarmoqda. Bundan 150 yil muqaddam cherkeslar deya ataluvchi mahalliy musulmon xalqi bu yerdan quvib chiqarilgani bugun ko’pchilikning yodidan ko’tarilgan.
Sochi cherkeslari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:51 0:00
Yuklab oling
Katta Kichmay qishlog’i Sochining osmono’par muz gumbazlariga u qadar yaqin emas - bir soatlik yo’l.

Qishloq aholisinig 90 foizi - etnik cherkeslar, Shimoliy Kavkazdagi musulmon xalqlardan biri.

Qishloqdagi muzey rahbari Aysa Achmizov o’z millatidan faxrlanishini aytadi.

“Cherkes so’zi har xil tarjima qilinishi mumkin, lekin uning yagona ma’nosi - “jasur askar”, - deydi u.

Bunday qishloqlardan faqat bir nechta qolgan xolos. Cherkeslarning aksariyati XIX asrning 60-yillarida ruslar bosqini davrida qirib tashlangan.

O’shanda yuz minglab cherkeslar qayiqlarga minib Sochi sohilini tark etishga majbur bo’lgan. Ularning qariyb uchdan bir qismi cho’kib ketgan yoki ochlikdan halok bo’lgan.

Rossiya o’tmishdagi bu qatliom uchun rasman kechirim so’ramagan. Xorijda yashovchi millionlab cherkeslar bundan norozi.

Shu yilning may oyida cherkeslar qirg’iniga 150 yil to’ladi. Ammo bugun kamdan-kam cherkes tarixni kovlab, ommaga bu gaplarni chiqarishni istaydi, deydi Cherkeslar boshqaruv kengashi raisi Xolid Talif.

“Cherkesiya Rossiya kuchlari tomonidan mag’lub etilib, Rosiya tarkibiga qo’shib olingani tarixiy fakt. Lekin hozir Rossiyadan ajralib mustaqil bo’lishni xohlaydigan birorta ham odamni topa olmaysiz”, - deydi u.

Chechen jangarilari rahbari Doku Umarov o’tgan hafta cherkeslar tarixini yodga oldi. Unga ko’ra, Sochidagi olimpiya inshootlari musulmon suyaklari ustiga qurilgan.

Aysa Achmizovga ko’ra, cherkes xalqi bunday ig’volarga uchmaydi.

“Tarixning qaysidir davrida qon to’kilmagan tuproqning o’zi yo’q. Olimpiada masalasi - siyosatchilarning ishi, unga bizning aloqamiz yo’q”, - deydi u.

Olimpiya parki ichida “Cherkeslar uyi” tashkil etilgan. Bu yerda mahalliy xalq madaniyati namoyish etiladi. Sochi meri Anatoliy Paxomov cherkeslar hozir yaxshi yashayotganiga urg’u beradi.

“O’tgan avgustda butun dunyodan cherkeslar kelib Sochida konvensiya o’tkazdi. Ularning hech biri shikoyat qilmadi. Ko’plab sayyohlar bu yerda cherkeslarning juda yaxshi yashayotganiga guvoh bo’lyapti. Demak, siz bilgan gaplar noto’g’ri”, - deydi u.

Bugun cherkeslarning qonli tarixi ushbu tog’li vodiyda emas, balki xorijdagi diaspora vakillari tomonidan yodga olinmoqda. Sochi cherkeslari, asosan, o’z madaniyatini asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish bilan band.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG