Breaking News

Quyosh nuridan quvvat olish sanoati rivojlanmoqda


Koloradoning San Luis vodiysida quyoshdan quvvat oluvchi inshootlar
Koloradoning San Luis vodiysida quyoshdan quvvat oluvchi inshootlar

Kolorado shtatidagi San Luis vodiysida quyoshdan quvvat oluvchi inshootlar tezlikda kengayib, yangi bir sanoat rivojlanmoqda. Shtat qonunlariga ko’ra, 2020-yilga borib energiyaga talabning 30 foizi muqobil manbalar tomonidan qondirilishi kerak.

San Luis vodiysida deyarli har kuni oftob chaqnab turadi, aniqrog’i yilning 340 kuni. Quyosh energiyasi degan sanoat jadal sur’atlar bilan taraqqiy etmoqda.

“89 gektarga teng maydonda 110 mingta quyosh plastinasi o’rnatilgan. Bu 30 megavatt energiyaga teng”, - deydi Nik Til, quyosh energiyasi inshooti rahbari.

Bu hajmdagi energiya bilan 7500 ta xonadonni elektr toki bilan ta’minlash mumkin.

”Erta tongda anavi tog’lar ortidan quyosh chiqadi. Plastinalar ham o’sha tarafga o’giriladi. So’ngra ular quyoshga qarab o’girilaveradi. Ertalab sharqqa, kechga borib g’arbga, quyosh botayotgan tarafga qaraydi”, - deydi Til.

San Luis vodiysi bugun mana shunday quvvat manbalariga tayanadi. Kolorado bu sohada Kaliforniya va Nyu Jersidan keyin uchunchi o’rinda turadi.

Biroq muammolar ham yo’q emas.

Shtatning Alamosa tumanida oltita quyosh zavodi bor. 650 gektar yer ajratilgan. Mahalliy hokim Darius Allenning aytishicha, maydon yetarli, ko’proq yer berish mumkin, lekin avval infratuzilmani bunga moslash kerak.

“Quvvat uzatadigan liniyalarning hammasidan foydalanyapmiz”,- deydi Allen.

Bundan tashqari mahalliy fermerlar quyosh plastinalarining o’rnatilishiga qarshi. Hosildor yerlarda kartoshka, bug’doy ekiladi, boshqa joylarda mol boqiladi. Maydonlarning quyosh sanoatiga berilishi dehqonlarga ma’qul kelmayapti. Jamoatchilik bu masala yuzasidan ikkiga bo’lingan.

"Qishloq xo’jaligi bo’lmasa, biz nima bilan shug’ullanamiz?” - deydi mahalliy fermerlardan biri Stiv Vandayver.

Vodiydagi yer va daryolar qurimoqda, yerosti suv zaxiralari ham kamaygan. Bu esa quyosh sanoatiga bevosita ta’sir qiladi.

“Kattaroq zavodlar, masalan termozavodlarni ishlatish ko’p suv talab qiladi. O’sha inshootlarni ochish va to’xtovsiz ishlab turishini ta’minlash uchun katta miqdorda suv kerak. Yerni nima bilan sug’oramiz?” - deydi fermer.

Quyosh nuridan quvvat olish sanoati rivojlanmoqda
Quyosh nuridan quvvat olish sanoati rivojlanmoqda

Quyosh plastinalarini yuvib turish, changdan tozalash uchun ham suv kerak.

Suv tanqisligi sababli odamlar yuzlab quduqlarni yopib, ekin ekmay qo’yadi.

“Bora bora 24-32 ming gektar maydon qishloq xo’jaligi uchun yaroqsiz bo’ladi qoladi. Bu esa hayotimizni o’zgartirib yuboradi”, - xavotir bildiradi Vandayver.

Fermerlar xavotirda. Ulardan biri - Jorj Vitten. Yaqinda u rafiqasi Juli bilan qo’shnilarni mahalliy hokimiyatni sudga berishga undadi.

Bu yerda 800 gektarlik quyosh zavodi qurilishi rejalashtirilayotgan edi. Fermerlar qarshiligi tufayli qurilish bekor qilindi.

“Bir kun kelib quyoshga qarshi kurashaman deb hech o’ylamagandim”.

“Bu yerda parabola shaklidagi bahaybat oynalar o’rnatilishi kerak edi. Har biri katta uydek keladigan 9 mingta oyna. Tasavvur qiling-a!” - deydi u.

Vitten quyosh enegiyasidan foydalanish yaxshi deydi, lekin bu sanoatni qishloq xo’jaligi evaziga rivojlantirish noto’g’ri.

Mo’tadil energiya deyavermay, quvvatni ayashni o’rganish kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG