Breaking News

Olimpiada bahonasida Seul va Pxenyan o'zaro aloqalarni yaxshilamoqchi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya bayrog'i (markazda) Janubiy Koreyadagi Olimpiya qishlog'ida, 1-fevral, 2018-yil.

Janubiy Koreyada shu hafta boshlanadigan Qishki olimpiya o'yinlarida Shimoliy Koreya ham ishtirok etadi. Shu munosabat bilan orol davlatda yadro va raketa sinovlari bir muddat to'xtatilgan. Seulga ko'ra, bunday ijobiy muhit mintaqadagi yadro inqirozini tinch yo'l bilan hal qilish mumkinligini ko'rsatadi. AQSh esa Shimoliy Koreyani iqtisodiy jazo choralaridan qochish uchun vaqtdan yutishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Pxyonchxandagi Qishki olimpiya o'yinlarining ochilish marosimida Shimoliy va Janubiy Koreya maxsus bayroq ostida bir guruh bo'lib chiqadi.

Ayollar muz xokkeyida ham ular bir jamoa bo'lib maydonga tushadi.

Shuningdek, ayol-qizlardan iborat Shimoliy Koreya ishqibozlar guruhi olimpiadada har ikki davlat sportchilarini olqishlab turadi.

Shimoldagi o'lkadan kelgan Samjiyon orkestri va boshqa san'atkorlar ham olimpiada bo'ladigan shaharda va Seulda chiqishlar qiladi.

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey Inning aytishicha, Olimpiya o'yinlari yuzasidan bo'layotgan hamkorlik mintaqadagi yadro mojarosini muloqot orqali hal qilish tashabbusining bir qismidir.

"Biz Shimoliy Koreyani yadro qurollaridan xoli bo'lish muloqotiga yetaklashimiz kerak. Bu ikki Koreya davlati o'rtasidagi aloqalarni ham yaxshilaydi", - dedi u.

Ammo Janubiy Koreyaning o'zida ham prezident tashabbusiga qarshilar bor. Ularga ko'ra, Seul qattol rejimga ko'p yon bosib yuboryapti.

AQSh ham Pxenyanning samimiyatiga ishonmaydi. Vashingtonga ko'ra, Shimoliy Koreya olimpiada munosabati bilan xalqaro jazo choralarini zaiflashtirishga urinmoqda.

"Bu chalg'itish. Shimoliy Koreya doim shunday qilgan. Bosim kuchaysa, ular gapirishni boshlashadi", - deydi AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Pxenyanga "maksimum bosim o'tkazish" siyosati tarafdori. Shimoliy Koreya uzoq masofaga uchadigan yadro raketalarini qo'lga kiritishiga yo'l qo'ymaslik uchun iqtisodiy sanksiyalarga, xususan, ehtimoliy harbiy choraga e'tiborni oshirish zarur, deydi prezident.

Ammo Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un yadro dasturini to'xtatish niyatida emas.

O'zining qat'iyatini namoyish etish uchun Pxenyan Olimpiada ochilish marosimi oldidan ulkan harbiy parad o'tkazishni rejalamoqda. Unda uzoq masofaga uchadigan raketalar ham namoyish qilinishi mumkin.

Olimpiadadan so'ng davom etadigan tinchlik muzokaralari haqida so'raganda, Prezident Tramp umidsiz ohangda javob qaytardi.

"Nima bo'lishini ko'ramiz. Olimpiada yaxshi o'tadi, undan keyin nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Buni o'rganamiz. Tez orada buni aniqlaymiz, lekin shubham bor", - dedi Tramp.

Vashingtonda, agar Shimoliy Koreya provokatsiyasiyalarini davom ettirsa, cheklangan doirada harbiy hujum bilan Pxenyanning "burnini qonatib qo'yish" kerak, deb fikrlayotganlar bor. Ammo bu mintaqada qonli mojaroning yanada kengayishiga olib borishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG