Breaking News

Rossiya o'z vaksinasiga xalq ishonchini oshirishda qiynalmoqda


"Sputnik V" vaksinasi
"Sputnik V" vaksinasi

Rossiya koronavirusga qarshi vaksinasini dunyoda hammadan birinchi yaratganiga qaramay, uni aholiga taklif etishda qiyinchiliklarga yuz tutmoqda.

“Sputnik V” vaksinasining samaradorligi 91 foiz atrofida baholanmoqda. Shifokorlar mamlakatda birinchilardan emlandi.

“Vaksinaning muhim ekanini o’z misolimizda ko’rsatmoqchimiz”, - deydi ulardan biri.

Bugunga kelib mamlakatda 3 milliondan oshiq odamda koronavirus aniqlangan, 50 ming odam virus qurboniga aylandi. Prezident Vladimir Putin ixtiyoriy umummamlakat emlash dasturini e’lon qildi. Hozircha 300 mingga yaqin odam emlandi. Shu kunlarda 60 yoshdan katta fuqarolarga xizmat ko’rsatilmoqda. Putin shu toifaga kiradi, biroq hozircha emlangani yo’q.

“Ommaviy emlash orqali o’tmishda ko’plab jiddiy kasalliklarni yengishga muvaffaq bo’lganmiz. Odamlar qancha tez emlansa, shuncha tez oyoqqa turamiz”, - deydi Moskvadagi bir klinika bosh shifokori Andrey Tijelnikov.

Ba’zilar nazarida, rus vaksinasini reklama qilish ortida tibbiy maqsadlardan ko’ra siyosiy maqsadlar ustunroq turibdi. “Sputnik V” G’arbda ishlanayotgan vaksinalar sinovdan o’tayotganida tasdiqlangan edi.

“Vaksina balki ish berar. Biroq biror narsani dunyoda hammadan tezroq va oldinroq ishlab chiqarish haqida gap ketsa, odam xavotirga tusha boshlaydi”, - deydi “Exo Moskvi” radiostansiyasida ishlovchi Anton Orex.

Aholining mahalliy vaksinaga munosabati turlicha.

“Emlanmayman. Ko’plar bu vaksinaga ishonmaydi”, - deydi bir erkak.

“Albatta, emlanaman. Oilam, do’stlarim, hamkasblarim xavfsiz va sog’lom bo’lsin deyman”, - deydi bir ayol.

“O’z sog’lig’ini o’ylaganlar albatta emlanadi. Qolganlarning fikrini o’zgartirish qiyin”, - deydi yana bir moskvalik.

Yana bir muammo vaksinani millionlab dozada ishlab chiqarib, to’g’ri tarqatishda. Vaksinatsiyadan oldin va keyin spirtli ichimlik iste’mol qilmaslik sharti sabab vaksinani Yangi yildan oldin chiqarish muammo tug’dirdi.

Britaniyaning “AstraZeneka” kompaniyasi Rossiyaga “Sputnik V” vaksinasi samaradorligini oshirishga yordam berishga shu oy rozi bo’lishi ketidan doriga ishonch kuchayishi kutilmoqda.

"Sputnik V" Turkiya ham ishlab chiqariladi

Bu o’rtada Turkiya rus vaksinasini o’zida ishlab chiqarishni rejalamoqda, biroq aholini emlashdan oldin “Sputnik V” haqida qo’shimcha ma’lumot so’ralmoqda.

Bugun Sochi shahrida Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari uchrashib, jumladan koronavirusga qarshi hamkorlikda kurash haqida gaplashgan.

Mevlut Chavusho’g’li Turkiya Xitoyning “KoronaVak” (CoronaVac) vaksinasidan 50 million doza sotib olishini ham aytdi. Turk olimlari “KoronaVak” samaradorligini 91 foizga baholadi. Yana 4,5 million dozani Turkiya “Pfayzer” va “Biontek” kompaniyalaridan sotib olmoqchi.

Eron mahalliy vaksina bilan emlashni boshladi

Ko’p mamlakatlar o’z vaksinalari ustida izlanishlar olib borar ekan, Eron ham chetda qolgani yo’q. Davlat televideniyasiga ko’ra, koronavirusga qarshi mahalliy vaksina bilan aholini emlash boshlangan. Ilk dozani bugun poytaxt Tehronda 3 kishi olgan. “Koviran” deb nomlanuvchi vaksina sinovlarida 56 ko’ngilli qatnashgan. Vaksina zaiflashtirilgan yoki kimyo bilan o’ldirilgan koronavirusdan tayyorlangan.

Eronda koronavirus bemorlari 1,2 milliondan oshgan, salkam 55 ming odam virusdan o’lgan.

Prezident Hasan Ruhoniyning aytishicha, Eron ayni damda bir xorijiy davlat bilan yana bir vaksina ustida ishlamoqda. Sinovlar fevral oyiga belgilangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG