Breaking News

Shri-Lanka fuqarolari iqtisodiy islohotlar og’rig’ini his qilmoqda


Yoqilg’iga uzundan-uzun navbatlar, oziq-ovqat do’konlarida bo’sh rastalar, ko’cha namoyishlari - bularning barchasini bir yil oldin kasodga uchragan Shri-Lankada ko’rsa bo’lardi.

Xalqaro hayot - 26-iyul, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:15 0:00

Hozir esa navbatlardan asar ham qolmadi, do’konlar mahsulotlar bilan to’lgan, poytaxt Kolomboda vaziyat tinch.

Hokimiyat tepasiga bir yil oldin kelgan Prezident Ranil Vikremesingxe yaqinda Dehliga safari chog’ida uning mamlakati iqtisodiy tiklanishni boshdan kechirayotganini aytdi.

“Shri-Lanka iqtisodiy islohotlarga yuz tutmoqda va ushbu choralarning barqarorlashtiruvchi natijasiga guvohmiz”, - dedi u.

Qisqa vaqt ichida katta yutuqlarga erishildi – g’aznaning katta qismini to’ldirishga yordam beruvchi sayyohlar mamlakatga qaytmoqda, elektr ta’minotida ko’p soatlik uzilishlar yo’q endi.

Ammo aytish joiz, oziq-ovqat, yoqilg'i, elektr quvvati va dori qimmatlab, kam daromadli millionlab odam qiynalmoqda.

“O’tgan yili pul bor edi, mahsulot yo’q edi. Bu yili mahsulot bor, pul yo’q”, - deydi Milton Perera ismli nafaqaxo’r hisobchi.

Jahon oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko’ra, mamlakat aholisining 17 foizi, ya’ni salkam to’rt millioni oziq-ovqatga muhtoj. Bu o’tgan yilgi ko’rsatkichdan 8 foiz past.

“Jamiyatning eng zaif tabaqalari qiynalyapti. Bir kunda uch mahal taom yeyish ular uchun muammo. Ijtimoiy va iqtisodiy ko’rsatkichlar tanazzul hali tugamaganini, iqtisodiy tiklanishga hali ancha vaqt borligini ko’rsatmoqda”, - deydi Kolombodagi “Muqobil siyosat markazi” tashkilotidan ekspert Bxavani Fonseka.

Mart oyida Xalqaro valyuta jamg’armasi ajratgan taxminan uch milliard dollarlik yordam paketi Shri-Lankani bankrotlikdan saqlab qoldi. Biroq jamg’arma soliqlarni oshirish, davlat xarajatlari va ijtimoiy dasturlarni qisqartirish kabi qattiq talablar qo’ydi. Bu kabi qat’iy islohotlar fuqaro daromadini pasaytiradi degan xavotir bor.

“Buning davlat tasarrufidagi korxonalarga ta’siri qanday bo’ladi? Odamlar ishini yo’qotadimi? Nafaqalar, omonatlarga qanday ta’sir qiladi? Hozir mana shu haqda ko’p gapirilmoqda”, - deydi Fonseka.

Islohotlar xalq qarshiligi va e’tiroziga sabab bo’lsa-da, kuzatuvchilar ulardan qaytmaslik muhimligini aytadi.

“Eng yomoni ortda qolganga o’xshaydi, ammo hozirgi siyosat davom etmasa, qaytib kelishi mumkin”, - deydi dehlilik tahlilchi Xarsh Pant.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG