Breaking News

"Super Seshanba" saylovlarida Klinton va Tramp g'olib


AQShning 11 shtatida Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlarga ovozlar berildi. Peshqadamlar Xillari Klinton va Donald Tramp aksariyat shtatlarda g'alaba qozonib, mavqelarini yanada kuchaytirib oldilar. Respublikachi Tramp va demokrat Klinton noyabrda bo'ladigan asosiy saylovlarda o'z partiyalaridan yagona nomzod bo'lishga katta qadam qo’ydi.

"Super Seshanba" nomini olgan bu kun tadbirkor Tramp 11 shtatdan yettitasida g'alaba qozonib, 203 ta delegat ovozini qo'lga kiritdi. Partiyadan prezidentlikka yagona nomzod bo'lish uchun 1237 delegat ovozini olish kerak. Trampda hozir 285 delegatning ovozi bor.

“Men mamlakatni birlashtiraman. Odamlar bunga ishonmasligi mumkin, ammo shunday. Nomzodlikni qo'lga kiritgandan so'ng Xillari Klintonga qarshi harakatimni boshlayman", - dedi Tramp kechagi saylovlar natijasi ayon bo'lgach.

Uning partiyadosh raqibi Ted Kruz uch shtatda g'olib bo'ldi - Texas, Oklaxoma va Alyaskada. Kruz raqiblarini poygadan chiqishga da'vat etib, Trampni birga-bir yengishga so'z berdi.

“Saylov natijalaridan ko'rib turibmizki, Donald Trampni yenga oladigan yagona nomzod menman", - dedi Kruz.

Senator Marko Rubio ilk g'alabaga Minnesotada erishdi.

“Avraam Linkoln va Ronald Reyganning partiyasiga gapimiz shuki, prezidentlikni bu soxta artistga berib qo'ymaymiz", - dedi Rubio Trampni nazarda tutib.

So'nggi kunlarda Tramp va Rubio saylov kampaniyasi doirasida shaxsiy haqoratlargacha bordi.

Demokratik partiyadan yagona nomzod bo'lish uchun ikki arbob kurashmoqda - Xillari Klinton va Berni Sanders. Seshanba kuni Klinton ham Tramp kabi yetti shtatda g'alaba qozondi, to'rttasida Sandersning qo'li baland keldi. Yagona nomzod bo'lish uchun demokratik da'vogar 2382 ta delegat ovozini qo'lga kiritishi kerak. Klintonda hozir 544 ta, senator Sandersda 349 ta delegat ovozi bor.

Sobiq davlat kotibi Trampni Amerikani bo'lib qo'yayotganlikda aybladi.

Klintonning raqibi poygadan chiqmoqchi emas.

“Iqtisodiy adolat, ijtimoiy adolat, ekologik normalar va dunyoda tinchlik uchun kurashni davom ettiramiz", - dedi Sanders tarafdorlari oldidagi chiqishida.

Kelasi ikki haftada bir necha yirik shtatlarda kutilayotgan saylovlar nomzodlar uchun jiddiy sinov bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG