Breaking News

Sidneydagi xuruj uch kishining o'limi bilan yakunlandi


Bugun Avstraliyaning Sidney shahrida bir odam restoranga kirib, odamlarni garovga olgan. 16 soatdan oshiq davom etgan voqeada uch kishi o'lgan. Ikki fuqaro va hujumchi.

Bu ish ortidagi odam eronlik muhojir bo'lgan - 50 yoshli Man Haron Mo'nis. U 2013-yilda sobiq rafiqasining o'limiga aloqasi bo'lgani aytiladi. Shuningdek, Afg'onistonda xizmat qilgan askarlarning oilalariga do'q-po'pisa qilib, xatlar yozgani uchun sudlangan.

Bosh vazir Toni Ebbot shahar markazida ro'y bergan hodisani milliy fojia deb atadi. Uning ta'kidlashicha, Mo'nis o'tmishda zo'ravonlik qilgan, ekstremizmni yoqlab tanilgan hamda ruhan nozog'lom shaxs bo'lgani ma'lum. Yaqinda hibsga olingan va tovon to'lab ozodlikka chiqqan.

Mo'nis bosh vazir bilan gaplashishni talab qilib, Sidneyning to'rt joyida bomba o'rnatilgan, deya ogohlantirgan. Biroq politsiya portlovchi moddalar topa olmagan.

Guvohlar Mo'nisning qo'lida "Islomiy davlat" ning arabcha yozuvli qora bayrog'ini ko'rgan.

Jami 17 kishi garovga olingan. Maxsus operatsiyada natijasida 15 kishining hayoti saqlab qolingan. O'lgan ikki odamdan biri 34 yoshli tadbirkor Tor Jonson, ikkinchisi esa 38 yoshli advokat Katrina Dauson, uch bolaning onasi.

Restoran atrofidagi binolardan odamlar evakuatsiya qilingan, jumladan AQSh konsulligidan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 70 nafar avstraliyalik ayni damda "Islomiy davlat" safida jang qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG