Breaking News

Suriyadagi ajnabiy jangchilar boshqa davlatlarga xavf solishi mumkin


Suriyada urush tugab, ajnabiy jangchilar boshqa davlatlar tinchini buzishi mumkin, deydi amerikalik ekspertlar.

Suriyada prezident Bashar al-Assad hukumati isyonchilar va ular safiga chetdan kelib qo’shilayotgan jangarilar bilan olishayapti. Ajnabiy kuchlar suriyalik isyonchilarga kuch bag’ishlayotgan bo’lsa-da, ekspertlar fikricha, Suriyada urush tugagach, bu jangchilar qurolini ko’tarib boshqa davlatlarga jo’naydi.

Suriyadagi ajnabiy jangarilar/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:59 0:00
Yuklab oling

Jangarilarning chegaralar osha har xil mojarolarda ishtirok etayotgani yangilik emas. Sovet qo’shinlari Afg’onistonda 1980-yillarda ayni muammo bilan yuzlashgan. Yaqin o’tmishda Qo’shma Shtatlar Iroqda shunga yo’liqdi. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Pol Pillar so’zlariga ko’ra, Suriyada urush tugab, ajnabiy jangchilar boshqa davlatlar tinchini buzishi mumkin.

“Buni Afg’onistonda sovetlarga qarshi urush misolida ko’rish mumkin. 10 yildan oshiq vaqt davom etgan mojaro qancha-qancha jangari guruhlarning beshigiga aylandi va ular dunyoning turli buchaklariga tarqalib ketdi. Suriyada ham shu ssenariy takrorlanishi mumkin. Urushda pishgan, qurolni besh qo’lday biladigan, qo’poruvchilik g’oyalariga sodiq bu odamlar Suriya tinchib ketganidan keyin g’oyib bo’lib qolmaydi”, - deydi mutaxassis.

Pol Pillarning aytishicha, urushga aralashgan insonlarning ko’pi o’tmishda jangari bo’lmagan. Ammo otishma, jangning mazasini bilgan odamning keyin tinch hayotga qaytishi qiyin.

“Saudiya Arabistoni, Fors ko’rfazidagi qator davlatlar fuqarolari Iroq, Afg’oniston va Suriyada jang qilayapti. Ular vataniga qaytganidan keyin muammo boshlashi ehtimoldan xoli emas”, - deydi AQSh razvedkasi sobiq xodimi.

Pillar 1996-yilda Saudiya Arabistonida ko’p qavatli imorat portlaganini misol qiladi. O’shanda binoda yashayotgan amerikalik 19 askar halok bo’lgan, o’nlab boshqa millat vakillari jarohatlangan edi. Hujumda saudiyaliklar aybdor topilgan.

Suriyada Assadga qarshi olashayotgan kuchlarni qurollantirish ham mushkul masala. Kim kimligini bilish qiyin, deydi Stiven Tankel, Vashingtondagi Amerika universitetida aksilterror bo’yicha ekspert.

“Obama ma’muriyati Al-Qoidaga aloqasi bo’lmagan isyonchilarga qurol bermoqchi. Oson hal qilinadigan ish emas-da. Qurol-aslaha ekstremist, terrorchilar qo’liga tushib qolmasligini qanday ta’minlash mumkin? Harbiy yordam urush zonasiga jo’natildimi, uni nazorat qilish nihoyatda og’ir”, - deydi u.

Xalqaro hamjamiyat Suriyadagi mojaroga siyosiy yechim izlash bilan mashg’ul. Vashingtondagi mutaxassislar nazarida urushdan keyin jangari guruhlarni qanday eplash ustida ham hozirdan o’ylanish lozim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG