Breaking News

Suriya AQSh hujumidan omon qolishi mumkin


Suriyaning urushdan xarob holga kelgan Xalab shahri, 9-sentabr, 2013-yil.
Suriyaning urushdan xarob holga kelgan Xalab shahri, 9-sentabr, 2013-yil.

AQSh rahbari Barak Obama Suriya haqida xalqqa qilgan telemurojaatida diplomatik sa'y-harakatlarga yana bir bor imkon berilishi haqida gapirdi. So'nggi soatlarda ma'lum bo'lgan voqelikka ko'ra, agar Suriya xalqaro hamjamiyat nazorati ostida kimyoviy qurollarini yo'q qilsa, AQSh hujumidan omon qolishi mumkin.

Amerikaliklar orasida ham harbiy choraga qarshilar soni oshib bormoqda. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovda ishtirokchilarning 58 foizi hujumga qarshi ekanini aytgan.

21-avgust kuni Damashq yaqinida tinch fuqarolarga qarshi kimyoviy qurol qo'llangani ma'lum bo'lgach, AQShning Suriyadagi harbiy inshootlarni nishonga olishi muqarrar ko'rinish oldi. Obama Kongressga va keng jamoatchilikka murojaat qilib, Bashar al-Assad rejimini bu jinoyatlari uchun jazolash lozimligini ta'kidladi.


Ammo oxirgi soatlarda ayon bo'lgan yangi o'zgarishlar urush inqirozining oldini olgan ko'rinadi.

Dastlab AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, agar Suriya xalqaro hamjamiyat nazorati ostida kimyoviy qurollaridan voz kechsa, AQSh hujumidan omon qolishi mumkinligini aytdi.

Shundan so'ng Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyaga AQSh taklifini taqdim etdi. Xabarlarga ko'ra, Bashar al-Assad kimyoviy qurollarini topshirish shartiga rozi bo'lgan.

Shundan so'ng Obama xalqqa murojaat etib, Suriyaga yana bir bor imkon berilishi haqida gapirdi. Agar kimyoviy qurollar xalqaro hamjamiyat nazorati ostida yo'q qilinsa, harbiy hujumga hojat qolmaydi, dedi Obama.

Xitoy va Eron ham kimyoviy qurollarga oid yangi rejani qo'llab-quvvatlamoqda. Xitoy BMT Xavfszlik kengashining doimiy a'zosi sifatida muloqotda ishtirok etishi muhim. Eron esa Suriyaning yaqin ittifoqchisi sifatida muzokaralarga o'z ta'sirini o'tkazishga urinadi.

Ammo urush yoqasida turgan inqiroz to'la bartaraf etilgani yo'q. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, agar AQSh va uning ittifoqchilari Suriyaga hujum qilish qaroridan qaytmasa, kimyoviy qurollarni topshirish haqidagi rejadan naf yo'qligi haqida bayonot bilan chiqdi. Bunga javoban prezident Obama harbiy choradan butunlay voz kechilmasligini ma'lum qildi.

Ayni paytda Kongressda bir guruh senatorlar Suriyani kimyoviy qurollarni topshirishga chaqiruvchi yangi rezolyutsiya ustida ishlamoqda. Ayrim qonunchilar esa hujum qilishni dastaklovchi har qanday qarorga qarshi ovoz berishini ma'lum qilgan.

Suriyadagi muxolif kuchlarning aytishicha, Bashar al-Assad rejimining kimyoviy qurollarni topshirish rejasi hiyladan boshqa narsa emas. Ular AQSh hujumining hukumatga qarshi olib borayotgan kurashlarida katta yordam bo'lishini umid qilayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG