Breaking News

Kerri Suriyaga shart qo'ymoqda


AQSh davlat kotibi Jon Kerri, Londonda Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumani paytida, 9-sentabr, 2013-yil
AQSh davlat kotibi Jon Kerri, Londonda Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumani paytida, 9-sentabr, 2013-yil
AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Suriyada vaziyat borgan-sari yomonlashmoqda. Kerri Londonda Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg bilan uchrashib, Suriyaga qarshi harbiy harakatlar rejasi xususida gaplashdi. Qo’shma Shtatlar Bashar Assad hukumatini o’z xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo’llaganlikda ayblab, uni jazolamoqchi. Biroq Damashq ayblovlarni rad etmoqda.

Kerrining aytishicha, agar Assad hujumning oldini olmoqchi bo'lsa, hafta oxirigacha tasarrufidagi barcha kimyoviy qurollarni xalqaro hamjamiyatga topshirishi lozim. Biroq Kerri bunday bo'lishiga ishonmaydi.

Uilyam Xeygning aytishicha, Britaniya Amerika rejasini to’liq qo’llab-quvvatlaydi. Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallim nazarida AQSh havo hujumi Suriya mojarosiga barham berishga qaratilgan tinchlik anjumanini uyushtirish harakatlarini yo’qqa chiqaradi.

Muallim bugun Moskvada rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashgan. Lavrovning aytishicha, Suriya urushini harbiy aralashuv orqali to’xtatib bo’lmaydi.

Bu o’rtada Obama ma’muriyati qonunchilar bilan majlislar qilib, ularni Suriyaga zarba berish rejasini qo’llab-quvvatlashga undamoqda. Yaqin kunlarda Kongress bu masala bo’yicha ovoz beradi. Qonunchilarning yarmi hali bir to’xtamga kelmagan.

Obama xalqni ham siyosati to’g’ri ekaniga ishontirishga urinmoqda. Bugun u olti televizion kanalga intervyu berishi kutilmoqda. Davlat rahbariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar harbiy amaliyot orqali Suriya hukumatining kelajakda kimyoviy qurolni ishga solish salohiyatini susaytirmoqchi.

Oq uy hujumni aynan Suriya hukumati amalga oshirganini, bunga video dalil borligini aytib, uni qonunchilar, jurnalistlar va jamoatchilik orasida tarqatmoqda.

Bashar Assad bilan Damashqda o’tkazilgan intervyu bugun Amerikaning CBS kanali orqali ko’rsatilishi kutilmoqda. Suriya rahbariga ko’ra, AQSh da’vo qilayotgan dalillar ishonchli emas. Assad kimyoviy qurol umuman qo'llanganini shubha ostiga qo'ymoqda.

Masalani Suriyada tergov qilgan BMT inspektorlari yaqin kunlarda hisobotini chop etishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG