Breaking News

Suriyada yana qon to'kildi, diplomatiya pand bermoqda


Yevropa Kengashi rahbari German Van Rompuyning aytishicha, prezident Vladimir Putin va 27 a’zolik ittifoq qarashlarida farq salmoqli
Yevropa Kengashi rahbari German Van Rompuyning aytishicha, prezident Vladimir Putin va 27 a’zolik ittifoq qarashlarida farq salmoqli

Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni kuzatuvchi kengashning bildirishicha, dam olish kunlari olishuvlarda 75 askar o’lgan. Davlat matbuoti bu haqda lom-mim demayapti.

Idlib viloyatida yakshanba kechqurun boshlangan to’qnashuvlarda, shuningdek, ikki isyonchi halok bo’lgani aytilmoqda. Muxolifat hujumlarini qaytarish uchun hukumat tank, minomyotlarni ishga solmoqda, deydi faollar.

Hims
Hims
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Rossiyani “Suriya borasida jahon hamjamiyati pozitsiyasini yoqlang” deya siquvga oldi. Siyosiy muhit o’zgarishi, prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi kerak, dedi u kecha Shvetsiyadagi chiqishida.

Klinton Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan juma kuni shu haqda gaplashgan. “Hozir maqsad Assad ma’muriyati bilan muzokara emas, siyosiy o’tish davri imkon boricha talofatsiz kechishini ta’minlash”, - deydi Amerika bosh diplomati.

“Rossiya Tashqi ishlar vaziriga qisqa va lo’nda qilib aytdim: Suriya xalqi o’zgarish istayapti va bunga haqli. Mana shu fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilgan holda, tinch yo’l bilan maqsadga erishishda yordam berishimiz kerak. Rossiya xalqaro hamjamiyatga yordam qo’lini cho’zsin”, - dedi Xillari Klinton.

Muxolif Ozod Suriya Armiyasi askarlari
Muxolif Ozod Suriya Armiyasi askarlari
Sal avval Klinton Moskvani Suriyaga qurol sotgani uchun tanqid qildi. Prezident Vladimir Putinning javobi shuki, Rossiya oddiy fuqarolarga qarshi qo’llanishi mumkin bo’lgan aslahani birovga sotgan emas va zo’ravonlikda tarafkashlik qilmayapti.

BMT Xavfsizlik Kengashi Assad ma’muriyatini qoralovchi rezolyutsiyalar bilan chiqqanida Rossiya qarshilik bildirgan. Suriyadagi qon to’kilishlarda isyonchilar ham beayb emas, deya ta’kidlaydi. Kreml nazarida Assadning ketish-ketmasligi G’arb emas, suriyaliklar hukmiga havola.

Kecha Assad Xula qishlog’ida yaqinda ro’y bergan qirg’inga aloqasi yo’qligini qayta uqtirib o’tgan. Ajnabiy kuchlar davlatni ichdan qo’porishga harakat qilmoqda, deb hisoblaydi u.

25-may kuni Xuladagi xunrezlikda 108 odam, jumladan, 49 bola o’lgan edi. Davlatni 11 yildan oshiq vaqt boshqarayotgan Assadning aytishicha, bunaqangi vahshiylikni sodir etishga hatto “mahluqlar”ning qo’li bormaydi. Suriyada o’tgan yilning martidan beri hukumatga qarshi namoyishlar, to’qnashuvlar tinmaydi.

Idlib viloyati
Idlib viloyati
Bugun ham Suriya borasida Yevropa Ittifoqi va Rossiya rahbariyati o’rtasida Sankt-Peterburgda kechgan muloqot samarasiz tugagan. Yevropa Kengashi rahbari German Van Rompuyning aytishicha, prezident Vladimir Putin va 27 a’zolik ittifoq qarashlarida farq salmoqli.

“Suriyadagi ahvol dahshatli. Hukumat zo’ravonlikni zudlik bilan bas qilib, BMT tinchlikparvar missiyasi ishlashiga sharoit yaratishi lozim. Yevropa Ittifoqi va Rossiya masala yuzasidan tortishsa-da, bir narsada yakdil – xalqaro elchi Kofi Annaning tinchlik rejasi Suriyada qon to’kilishlarga chek qo’yib, fuqarolik urushining oldini olishi mumkin”, - dedi Rompuy.

Klinton chorshanba kuni Turkiyaga borib, Suriya qo’shnilari bilan muzokara qiladi. Bu davlatdagi mojaro butun mintaqani domiga tortishi hech gapmas, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG