Suriyada 18 ittifoqchi askar koalitsiya hujumidan halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya shimoliy Suriyada amalga oshirgan so'nggi havo hujumida xatolik bilan koalitsiyaning 18 nafar askari halok bo'lgan.

AQSh Markaziy qo'mondonligining xabar berishicha, hujum "Islomiy davlat" nazoratidagi Raqqa shahriga yaqin Tabqa janubida ro'y bergan.

Raqqa jangari guruhning poytaxti sanaladi.

Markaziy qo'mondonlikka ko'ra, kurdlarga qarashli Suriya demokratik kuchlari koalitsiya pilotlariga jangari manzillari bo'yicha noto'g'ri koordinatsiya ma'lumotlarini bergan. Natijada ittifoqchi askarlar joylashgan manzil nishonga olingan.

"IShID"ga qarshi kurashda bir nechta davlat havodan yordam ko'rsatmoqda. Hujumni qaysi davlat samolyoti amalga oshirgani ma'lum emas. Halok bo'lgan askarlar Suriya demokratik kuchlari a'zolari bo'lgan.

Koalitsiya bayonot orqali bo'lib o'tgan voqea uchun taassuf bildirib, halok bo'lganlarning yaqinlariga hamdardlik izhor qildi.

Suriyadagi vaziyatni kuzatib boruvchi guruh ma'lumotiga ko'ra, o'tgan oy Raqqa yaqinidagi AQSh hujumlarida ham o'nlab tinch aholi vakillari halok bo'lgan. Harbiylar bunga dalil yo'qligini aytadi.

Ayni paytda Suriya hukumati va isyonchilar o'rtasida erishilgan kelishuvga ko'ra, qamal ostida qolgan to'rt shahardan tinch aholini va isyonchilarni evakuatsiya qilish jarayoni boshlandi.

Damashq yaqinidagi isyonchilarga qarashli Maday va Zabadani shaharlarida o'nlab avtobus odamlar bilan to'ldi.

Hukumat nazoratidagi Fua va Kafraya shaharlari aholisi ham Damashq nazoratidagi boshqa shahar - Halabga ko'chirilishi kutilyapti.

Kelishuv asosida evakuatsiya qilinadigan jami odamlar soni 30 mingdan ortiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG