Breaking News

Kurdlar safida "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilayotgan xorijliklar


Suriyada "Islomiy davlat" ekstremistlariga qarshi kurashayotgan va G'arb tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan kurd jangchilar safida yuzlab xorijliklar, jumladan amerikaliklar va britaniyaliklar ham bor. Britaniyadagi ilmiy-tadqiqot institutlaridan biri buni xavfsizlikka tahdid, deya bong urmoqda.

"Genri Jekson jamyati" nomli institut xulosasiga ko'ra, Suriyadagi kurd jangchilar, ya'ni Xalq himoyasi otryadlari deb yuritiluvchi harakat terrorchi tashkilotdir. Britaniya fuqarolarining ular safida jang qilishini taqiqlash lozim, deyiladi hukumatga murojaatda.

Tadqiqotchilar Xalq himoyasi otryadlarini Yevropa va AQSh tomonidan qora ro'yxatga qo'shilgan Kurdiston Ishchilar Partiyasining qanoti deb ko'rmoqda. Ekstremistlarga qarshi jang qilayotgan kurdlar bu ayblovni rad etadi.

Kurdiston Ishchilar Partiyasi yetakchilari Iroq Kurdistonining Qandil tog'larida joylashgan, o'sha yerdan turib maydaroq kurd guruhlarni boshqaradi, deydi ingliz olimlar.

AQShning Milliy kontr-terrorizm markazi ham shunday xulosa qilgan edi. Ammo 2015-yilda Vashington "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashish maqsadida Xalq himoyasi otryadlari bilan ittifoq tuzdi.

Kurdlar safidagi amerikalik ko'ngilli jangchilar
Kurdlar safidagi amerikalik ko'ngilli jangchilar

Unutilgan xorijiy jangchilar

"Unutilgan xorijiy jangchilar" nomli izlanish muallifi Kayl Ortonga ko'ra, Kurdiston Ishchilar Partiyasi propaganda orqali yuzlab chet elliklarni Suriyaga jalb qilgan. Ular qaytsa, o'z vatanida ham terror hujumlariga qo'l urishi mumkin, deydi u.

Mazkur izlanish AQShni kurdlarni qo'llayotgani uchun koyib kelayotgan Turkiyaga qo'l keladi. Anqara nazarida, Kurdiston Ishchilar Partiyasi va G'arbdan qurol olayotgan kurd otryadlari o'rtasida hech qanday farq yo'q, har ikkisi terrorchilar.

Tadqiqot institutiga ko'ra, kurd ayirmachilar Turkiyada g'arblik sayyohlarni o'g'irlash va o'ldirish, Yevropada odam va narkotiklar savdosi kabi jinoyatlarga ham aloqador.

Izlanishda "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilaman deb Suriyaga borgan 12 davlatdan 60 kishining ism-sharifi keltirilgan. Shulardan 28 nafari janglarda halok bo'lgan.

Kayl Ortonning aytishicha, Kurdiston Ishchilar Partiyasining chet elliklardan, xususan, o'zining Yevropadagi jinoiy tizimlarida foydalanishi ehtimoli xavotirli.

"Xalq otryadlari G'arb matbuoti va siyosiy doiralarida ekstremistlarga qarshi qurol ko'targan qahramonlar deb tilga olinadi. Lekin ular G'arbdagi hukumatlarga qanchalik quloq tutadi, qanday boshqariladi, bilmaymiz", - deydi Orton.

Uning hisobicha, g'arblik volontyor jangchilar soni 500 atrofida bo'lib, aksariyati ular qo'shilgan guruhlarning ayirmachilar bilan aloqador ekanidan bexabar.

Ko'ngillik chet ellik jangchilar
Ko'ngillik chet ellik jangchilar

Jangga otlangan xorijliklar kim?

Izlanish muallifi Suriyaga borgan chet elliklarni to'rt kategoriyaga bo'ladi. Birinchisi, tinch hayotga o'rgana olmagan sobiq harbiylar. Ikkinchisi, 2001-yildan so'ng Iroq va Afg'onistonda xizmat qilgan harbiylar - ular missiyani tugatishni o'z maqsadi deb biladi. Uchinchi guruhga pul ishlash yoki shuhrat qozonish uchun jang maydoniga otlanganlar kiradi. To'rtinchisi, sarguzashtga ishqibozlar, gunohini "yuvish" uchun borgan sobiq jinoyatchilar, kommunist va anarxistlar.

"Genri Jekson jamiyati" Britaniyaga qaytayotganlarni sinchiklab tekshirish, kerak bo'lsa kuzatuvga olishni tavsiya qiladi. Britaniya razvedkasining ogohlantirishicha, ayrim ko'ngillilar ruhiy xastalik bilan qaytishi, ulardan boshqa mafkuraviy guruhlar foydalanishi mumkin.

O'tgan oy Turkiya milliy xavfsizlik kengashi kurdlarga berilgan qurol-yarog' Kurdiston Ishchilar Partiyasiga uzatilayotganini aytib, AQShni bunga yo'l qo'yib berganlikda tanqid qildi.

AQSh Markaziy qo'mondonligi esa Suriya demokratik kuchlariga uzatilgan qurollar missiya yakunlanishi bilan koalitsion kuchlarga qaytariladi, deya ta'kidlamoqda.

Bundan ko'p o'tmay, Turkiyaning "Anadolu" axborot agentligi AQShning Suriyadagi harbiy istehkomlari joylashgan xaritani chop etdi. Pentagon bu borada Anqaraga shikoyat qilgan.

"NATO a'zosi Turkiya ataylab askarlarimiz hayotini xavf ostiga qo'yishi xavotirli holat", - deya bildiradi Pentagon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG