Turkiya AQSh kurdlarga yordamni oshirayotganidan g'azabda

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi kurd jangchilari

Kelasi hafta Vashingtonga kelishi kutilayotgan Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an Oq uyni Suriyadagi kurdlarga yordamni oshirayotgani uchun so'kmoqda. Prezident Donald Tramp bilan uchrashganida uni qattiq savolga tutmoqchi.

"Islomiy davlat" singari terror to'dasiga qarshi kurashayapmiz deya Amerika boshqa bir terror tashkilotini moylamoqda", - deya g'azabda Erdog'an.

Kurd jangari guruhlariga madad ko'rsatish, uning fikricha, mintaqaviy tinchlikka tahdid soladi, birinchi navbatda uning davlati barqarorligiga. Kurdlar azaldan Turkiyada muxtoriyat uchun kurashib keladi. Suriyada ham alohida davlat bo'lish umidida yurgan kurdlar talay. Ular terroristlarga qarshi kurashda, Amerika nazarida, eng samarador kuchlardir.

YPG, Xalq himoyasi bo'limi, deya nomlangan harakat, masalan, Suriyada "Islomiy davlat"ni ko'plab hududlardan siqib chiqargan. Anqara uni terrorchi deb biladi. Vashington uchun esa ular ishonchli mahalliy hamkorlar.

Turkiyaga ko'ra, YPG - Kurdiston Ishchilar Partiyasining bir qismi. Bu partiya AQSh tomonidan ham terrorchi deb hisoblanadi. Lekin YPG unga qarashli emas, deydi Amerika diplomatlari.

Erdog'anning Vashingtonga safari tarixiy voqea bo'ladi, chunki Suriya masalasida ikki davlat bir to'xtamga kelishi kerak, deydi Atilla Yeshilada, siyosiy tahlilchi.

"AQSh uchun kurdlar 50 minglik yengilmas kuch. Raqqani "Islomiy davlat" dan tozalash qudratiga ega. Ularga kuchli qurollar berish g'alaba tomon qadam demakdir. Shu bois Tramp ma'muriyati ularga yordam bermoqda", - deydi u.

Anqara esa bu qurollar yovuz guruhlar qo'liga tushmoqda va barcha uchun xavf, deya bong urmoqda.

"Kelishmovchiliklarni hal qilamiz", - deydi AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis.

"Turkiya - hamkorimiz. Chegara va xavfsizlik ular uchun nihoyatda muhim masala ekani aniq. Turkiya Yevropa bilan chegaradosh. Shunday ekan, ular bilan yaqindan ishlaymiz", - deydi Mattis, Anqara xavotirlariga javoban.

Pentagon nazarida YPG Yaqin Sharqda terrorizmni yengishda yetakchi rol o'ynamoqda.

Lekin AQShning Turkiyada ham havo bazasi bor. U yopilsa, Amerika yirik strategik inshootdan ayriladi. Turkiya Vashington u bilan kelishmasa, Injirlik bazasidan bu davlat havo kuchlari haydaladi, deya ogohlantirib keladi.

Erdog'an Rossiya hukumati bilan ham YPG haqida muloqotda. Kreml ham bu harakatni qo'llamoqda.

Anqara shu kunlarda yana kurdlarni havodan nishonga olib, o'z qudratini eslatib qo'yishi mumkin.

Turkiya sobiq diplomati Aydin Seljen fikricha, YPGga siyosiy kuch deb qarash payti yetdi. Ikki yirik davlat ko'magida harakat qilayotgan to'dani qoralayverishdan Anqara hech qanday foyda ko'rmaydi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG