Breaking News

Suriyadan Germaniya sari: Aka-uka muhojirlar hikoyasi


Suriyalik muhojir aka-ukalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

Suriyadagi fuqarolar urushidan qochib yuz minglab odam o'z vatanini tark etgan. Ular orasida O'rta dengizni kechib Yevropaga yo'l olayotganlar ham bor. O'ta xavfli dengiz safarida suvga cho'kib halok bo'layotganlar ko'p. "Amerika Ovozi" Germaniyaga borish orzusi bilan yo'lga chiqqan aka-uka suriyaliklar bilan gaplashdi.

Oldinda ikki yarim millon kilometrli O'rta Yer dengizi. Suriyalik olti yigit - to'rt aka-uka va ikki do'st vatanlaridagi urushdan qochib chiqqan muhojirlar.

15 soatlik safardan so'ng nihoyat oldinda ikkita kema ko'rindi: Italiya qo'riqchi kemalari. Yigitlar xursandlikdan "Italiya" deb qichqirishdi.

Muhojirlar Lampeduza oroliga olib kelindi. Bu yer Yaqin Sharq va Afrikadan kelgan qochoqlar bilan gavjum.

Shu yerdan aka-ukalarni Sitsiliya oroliga jo'natishdi. Bu yerdan esa ular poyezdga o'tirib, Milanga yo'l oldi.

"Amerika Ovozi" bu yigitlar bilan ilk bor shu yerda ko'rishdi. Ular Milan bekatidagi sovuq marmar o'rindiqda qo'rquv, toliqish va hadik bilan o'tirardi. Eng katta aka G'iyos safarlarini shunday xotirlaydi:

"Iordaniyaga qochdik, u yerdan Jazoirga. So'ng Liviyaga noqonuniy kirdik. Sahro oralab 5 kun yo'l bosdik. Juda qiyin edi, besh kun o'limga yaqin yashadik. Tripoliga borgach, u yerdan Sabrataga o'tdik. Bu yerda ko'p muammolarga yo'liqdik, chunki bizni olib borgan odam narsalarimizni o'g'irladi. So'ng u yerdan qochdik va Lampeduzaga boradigan qayiqqa chiqdik".

Bu yigitga ko'ra, dengiz safari Suriyadagi urushdan ham dahshatliroq bo'lgan.

"O'lim safari bo'ldi. Miya ishlashdan to'xtaydi. Hech kim haqida, hech narsa haqida o'ylay olmaysiz, hatto o'zingiz haqingizda ham. Bu og'ir sayohatda har bir daqiqa uchun yashaysiz. Bu juda g'alati hissiyot", - deydi u.

Aka-ukalar G'iyos, Husayn, Ela va Baro do'stlari Baho va Ahad bilan poyezdda Germaniyaga yo'l olmoqda. Aka-ukalarning otasi allaqachon Berlinda, ularni kutmoqda. Onalari esa Suriyada qolgan.

"Suriyada kelajak yo'q. Kelajagimizni Germaniyadan topmoqchimiz endi. Suriyada ahvol yaxshilanib, u yerga yashash uchun qaytib borishni xohlaymiz", - deydi Ela.

Poyezd kelishi bilan ular platformaga yaqinlashdi. "Amerika Ovozi"dan bu jarayonni suratga olmaslikni so'rashdi.

Chunki Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko'ra, muhojirlar qochqinlik maqomini olish uchun birinchi kirgan davlatlarida hujjat topshirishi kerak. Yigitlar esa yashirin tarzda Germaniyaga o'tmoqchi. Agar politsiya poyezdda ushlab olsa, ularni Italiyaga qaytarib yuboradi.

Oradan ikki kun o'tib, bizga aka-ukalardan xabar keldi. Ular eson-omon Myunxenga yetib boribdi.

Qochoqlar markazida bir kun tunab, keyin ular Berlinga yo'l oldi. Poyezdda ular bilan ko'rishishga muvaffaq bo'ldik. Yigitlar xursand.

"Olti yillik ayriliqdan so'ng nihoyat otamni ko'rish arafasidaman. Onamni ham qayta ko'raman va barchamiz yana birga bir oila bo'lamiz, deb umid qilaman", - deydi G'iyos.

Nihoyat aka-ukalar Berlinda otalari bilan diydor ko'rishdi. Ular o'zlari olgan videoni "Amerika Ovozi"ga yo'lladi.

Bu muhojir yigitlar o'z baxtlarini topgandek, ammo Yevropaning muhojirlar muammosi borgan sari kengayishda davom etmoqda. Unga yechim topish esa oson emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG