Suriyada fuqarolar urushi boshlanganiga 10 yil bo’ldi. Turar joyini tashlab chiqishga majbur millionlab suriyalik mamlakat ichida sarson, bir necha millioni xorijiy mamlakatlarda qiyinchilik ko’rmoqda.
Ulardan biri Abdulrazzoq Dashir bo’lib, u oilasi bilan Livanning Bekaa viloyatidagi norasmiy lagerda yashaydi. 10 farzandning otasi ularning ma’lumotli bo’lishini istaydi, ammo topgan puli oilani boqishga arang yetadi, 10 yoshigacha biror kalima so’zlamagan o’g’lini shifokorga ham ko’rsata olmayapti.
"Aka-ukalari va opa-singillari bir-biri bilan kulishib o’ynashadi, u esa toshday qotib turadi”, - deydi Dashirning rafiqasi Samira Abdusalom.
Livan iqtisodiyoti inqirozga yuz tutarkan hamda mahalliy pul birligi 90 foizga qadrsizlangan bir paytda suriyalik bu oila hozircha shakar va yog’dan boshqa narsa sotib olishga qurbi yo’qligini aytadi.
Koronavirus pandemiyasi nafaqat qochqinlar, balki mahalliy aholiga ham yuk bo’ldi.
Dashir Birlashgan Millatlar Tashkilotidan har oy 27 dollar miqdorida yordam puli olib turganini aytadi, hozir esa nafaqa 10 dollarga bormaydi.
Dashir Suriyaning Halab shahridan bo’lib, urush boshida qochgan. Ular hozir turgan lagerda 81 ta chodir joylashgan.
Yana bir qochqin 52 yashar Muhammad Abdulkarim Husayn bo’lib, 7 yil oldin 4 farzandi va rafiqasi bilan Idlibni tark etgan. Vataniga qaytishni istaydi.
Oysha al-Hamad Halabdan. Livanga bir necha oyga kelishgan edi, ammo hash-pash deguncha 10 yil o’tib ketdi.
“Go’sht yemaganimizga ancha bo’ldi. Hamma narsa juda qimmat. Bir kun kelib Suriyaga qaytarmiz”, - deydi u.
Facebook Forum