Breaking News

Suriyalk muhojirlar oilasi vatanidagi san'atni targ'ib etmoqda


Suriyalik hunarmandlar yasagan san'at asarlari

Suriyada 2011-yil boshlangan fuqarolar urushi nafaqat mamlakat aholisi va binolariga talofat yetkazdi, balki boy madaniy merosni ham vayron qildi. AQShda yashovchi suriyalik muhojirlar oilasi urush domiga tortilgan vatanidagi san'at asarlarini va hunarmandlarni asrab qolishga hissa qo'shmoqda.

"Siriana" loyihasi uchta sopol piyola bilan boshlandi. Ularga xattotlik uslubida she'riy misralar bitilgan.

"U go'zal. Uni sevaman. Uning ismi Shom. Shom bu Damashqning va qizimning nomi".

Xaldun Alg'atrif piyolalarni internetda ko'rib qoldi.

"Uni kim yasaganiga qiziqdim. Qidirib, Suriya san'at buyumlarini himoya qiladigan kompaniyani topdim", - deydi u.

Shu tariqa Suriyadan san'at asarlarini olib kelish g'oyasi tug'ildi.

"Biz Amerikaga Suriyaning boshqa qiyofasini, go'zal yuzini ko'rsatishni xohladik. Xabarlarda bu narsani ko'rishmaydi", - deydi u.

Xaldun AQShga 2015-yilda kelgan. Ukasi Majd Alg'atrif esa bir necha yildan beri shu yerda yashaydi. O'tgan yili dekabrda ular 18-asrda qurilgan tarixiy uyda "Siriana" galereyasini ochishdi. Bu yerdagi mahalla ham bizning Suriyadagi shahrimizni eslatadi, deydi ular.

"Galereyada mozaika asarlaridan tortib, Damashq tekstil mahsulotlari, ipak matolargacha bor. Ular madaniyatimizning ajralmas qismi, usta hunarmand avlodlarini o'zida namoyon qiladi", - deydi Alg'atrif.

Majdning aytishicha, ko'rgazmani ochishdan maqsad madaniy merosni avaylash va bozor tashkil etish orqali ustalarga yordam berish.

"Hunarmandlar, asosan, turizm sohasida ishlaydi. Turizm yo'q ekan, ularning tirikchiligi o'tmay qoldi. Nafaqat urushdan, balki ish yo'qligidan ham ko'pchilik vatanini tashlab chiqishga majbur bo'ldi", - deydi u.

Suriyalik oila ko'rgazmani yanada kengaytirishga qaror qildi. Endi ular milliy taomlarni ham taklif etmoqda.

An'anaviy Suriya qahvasi qizigan qumda qaynatilgani bilan mashhur. Galereya ichidagi qahvaxonani Majdning rafiqasi boshqarmoqda.

"Barcha retseptlarimiz Suriyaniki va uyda haqiqiy uslubda qilingan. Oshxonamizdagi ishchilar ham suriyalik muhojir ayollar. Ularni biznes muhitida qanday ishlashga o'rgatmoqchiman", - deydi Majdning rafiqasi Rasha Obayd.

Alg'atriflar oilasining Suriya madaniyatini ko'rsatishga oid harakati zoye ketgani yo'q.

"Bugun Suriyani o'ylasam, ko'z oldimga urush keladi. Lekin bunday joyga kelsam, uning madaniyatini, go'zal qiyofasini ko'raman. Bu ajoyib", - deydi mijozlardan biri.

"Taomlar tarkibi boy. Tabiiy oshxonalarni yoqtiraman. San'at asarlari ham go'zal", - deydi yana bir mijoz.

Alg'atriflar oilasi loyihani kengaytirib, vatanida va AQShda amaliy mashg'ulotlar o'tkazmoqchi. Shu orqali suriyalik qochoqlar hamda ustalarga yordam berish niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG