Eron bilan aloqalar Tojikiston uchun nozik mavzu


Tojikistonda biror tadbir prezidentning suratisiz o'tmaydi

Tojikiston va Eron munosabatlari haqida gap ketganda, mahalliy ziyolilar birmuncha o’ylanib, ehtiyotkorlik bilan so’z yuritadilar. Ba’zi tahlilchilar fikricha, Tojikiston-Eron munosabatlari mintaqa ichki va tashqi siyosatiga ta’sir yetkazishi mumkin.

Sharqshunos tojiklardan birining aytishicha, ta’qiqlangan Islom uyg’onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriyning Erondagi xalqaro anjumanda mamlakat rahbariyati bilan bir qatorda rasmiy ravishda o’tirishi vatandagi hukumatga xush kelmasligi tabiiy.

"Tojikiston davlat telekanallari va matbuoti Eron hukumatini mamlakatdagi terror xurujlarida ochiq-oydin ayblovchi chiqishlarni tarqata boshladiki, bu – ikki mamlakat munosabatlaridagi sovuqlikning cho’qqisi bo’ldi", - deydi ism-sharifini bildirmagan ziyoli.

Eronliklar bilan ko’p yillar hamkorlik qilgan sobiq deputat Bobojon Ikromov deydiki, tojik-eron tarixiy munosabatlai bu bilan darz ketmaydi.

"Bu hodisalar nimadan darak beradi? Shundan darak beradiki, hamisha kechirimli bo’laylik, natanho Eronu-Tojikiston, balki, butun dunyo xalqlari! Tojik xalqida bir ajoyib maqol bor: “Burgaga achchiq qilib, ko’rpangga olov qo’yma” degan. Xalqaro siyosat o’zi bir ummondek gap, unda dovullar ham, tinchu-osoyishtalik ham bo’ladi, undan yomon xulosa chiqarmaslik kerak", - deydi Ikromov.

Ikki qardosh mamlakat orasdagi munosabatlar salqinligiga, ba’zilarning aytishlaricha, qudratli davlatlarning ta’siri ham bo’ladi, sovuqlik o’z-o’zida paydo bo’lmagan.

"Dunyoda Rossiya va Amerika kabi qudratli davlatlar bor, natanho Tojikiston, balki, qolgan kichik mamlakatlarning aksari o’shalarning maslahatisiz qaribki, ish qilolmaydi. U yirik davlatlarning boshqa davlatlarga albatta ta’siri bor", - deydi tojik jamiyatshunoslaridan biri.

Boshqalarning fikircha, bir vaqtlar eng yaqin ittifoqchi sifatida ko’rilgan Eron bilan oradagi suvuqchilik uyshtirilgan ssenariy bo’lishi mumkin.

Tojik siyosatshunosi Abdujabor Yo’ldoshev Eronga Tojikiston rasmiy OAVlari qo’ygan ayblarga ishonmaydi, bularning bari vaqtinchalik siyosatdir deydi u.

"Meni fikrimcha, eronu-tojik munosabatlarini buzayotgan shaxslar chiqishini ig’vogarchilik deyish mumkin, ularning barcha aytganlari to’g’ri ekanligiga men hech qachom ishonmayman. Tojikiston va Eron munosabatlari vaqt o’tib, o’z iziga tushadi, buni Eron tashqi ishlar vazirining mamlakatimizga tashrifi isbotlamoqda. Siyosat o’zi o’zgaruvchan narsa, uni shakllantirayotgan shaxslar fikri ham o’zgaradi. Hayot qonuni bu, hech narsa bir joyda turmaydi. Siyosatchilar orasida qahrli munosabatlar bo’ladi, xatolar uchraydi, ammo xalq, millat hech qachon biri biridan voz kechmaydi. Bu yerda ehtimol, boshqa davlatlar bordirki, Tojikistonu Eron orasini buzishni istasalar, ammo bularning barchasi o’tkinchi, vaqtinchadir", - deydi Abdujabbor.

Tojikistonlik o’zbek olimi Ilhom Yusupov ikki mamlakat munosabatlarini tahlil etarkan, sovuqlikning iqtisodiy sabablarini urg’ulaydi. Uning fikricha, Tojikistondagi bir qancha Eron iqtisodiy loyihalarida korrupsiya alomatlari bo’lgan, yirik mablag’lar o’zlashtirilgan,

"Bu holatning sabablaridan biri iqtisodiy bo’lib, yuqori hukumat idoralarida o’tirgan ayrim rahbar shaxslarning o’zaro loyihalardagi manfaatlari qolib ketganligi haqidagi gaplar quloqqa chalinadi. Albatta birinchi, ikkinchi, uchninchi nizoli vaziyatlar tug’ilgandan so’ng, hammasi bir bo’lib, katta buzilishga olib keldi",- deydi Yusupov.

Uning fikricha, orada yana kuzatilishi mumkin bo’lgan iliqlik endi faqat sarobga o’xshaydi, u shunchaki aldamchi bir narsa xolos, Eron tashqi ishlar vazirligining keyingi harakatlari endi u qadar samara berishiga ishonish qiyin, o’rtaga allaqachon katta sovuqchilik tushirilgan.

"Albatta, diplomatik aloqalar yaxshilanadi, madaniy-iqtisodiy aloqalar oz-oz tiklanar ham, lekin to’g’ri gapni aytish kerakki, diplomatiyaning o’zi yolg’onchi narsa, biz o’zimizni o’zimiz aldab kelayotgan narsa, to siyosiy aloqa rivojlanmasa, qolgan hamma sohalardagi harakatlar yolg’onchi narsa ekanligini anglatib turadi", - deydi fikrini jamlab o’zbek olimi.

Sobiq deputat Ikromovning fikricha, hozirda ikki davlat orasida ko’rilayotgan sovuqlik xalqlar orasidagi do’stona aloqalarga uzoq vaqt salbiy ta’sir o’tkazmaydi.

"Odamlar munosabati, bir-biriga payvand, yagona urf-odatlarga, bir tarix, tilga ega xalqlar munosabati o’tgan ishlardan talofot ko’rmaydi. Kimlardir xatoliklarga, kamchiliklarga yo’l qo’yishadi, ammo bu, xalqlarimiz bir umr dushman bo’lib qoladi degan ma’noni bermaydi", - deydi Bobojon Ikromov.

Ayrim siyosatchilarga ko’ra, Tojikiston-Eron munosabatlaridagi o’zgarish mintaqa birligi uchun ham xizmat qilishi mumkin. Zero, Tehron bilan qalin aloqa qo’shni respublikalarni masofada saqlab turishi mumkin bo’lgan omil hisoblanib, mintaqa integrasiyasiga salbiy ta’sirini o’tkazishi ham mumkin.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG