Breaking News

Tojikiston va O’zbekiston yosh ijodkorlari uyushmoqda


Ozbek va tojik shoir-yozuvchilari yig'ini
Ozbek va tojik shoir-yozuvchilari yig'ini

O’zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi davlat rahbariyati qo’shni mamlakatlar bilan do’stona aloqalarni rivojlantirish siyosatini olib borar ekan, tadbirkorlik, ishlab-chiqarish, adabiyot va san’at, umuman, ko’pgina sohalarda Tojikiston bilan hamkorlik rivoji ko’zga tashlana boshladi.

Oradagi do’stona aloqalarni tiklashga ijtimoiy tarmoqlarda o’zaro muloqotda bo’lgan ikki qo’shni respublika yosh ijodkarlari o’zlarining amaliy hissalarini qo’shmoqda. Masalan, siyosatdan chekkada bo’lgan Tojikiston va O’zbekiston yosh ijodkorlarining birlashib, yangi she’riy to’plamini chop etgani har ikki tomonda iliq kutib olindi.

O’tgan 2016-yil oxirlaridan boshlab Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi aloqalarda ijobiy siljish kuzatila boshlandi. Ikki respublika orasida havo yo’llarining tiklanishi, qo’shma korxonalar ochishga harakat, o’zaro savdoning yaqin 6 oy orasida tez sur’atlarda o’sib borishi, chegaradan o’tishdagi yengilliklar buning isboti sifatida ko’riladi.

O’tgan yil oxirlarida toshkentlik yosh shoira Zilola Xoliqova ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan har ikki respublika qalamkashlari ijodini to’plab, “Iste’dod uchqunlari” nomli to’plam chop ettirdi. Bu kitob yaqinda tojikistonlik o’quvchilar qo’liga yetib, o’z muxlislarini topdi.

Bu haqda hozir AQShda istiqomat qilayotgan samarqandlik yosh shoira Marziya Sodiqova o’z fikrlarini bildirarkan, kitobni nashrga tayyorlagan shoira Zilola Xoliqovadan minnatdor ekanligini aytdi, uning ishiga yuksak baho berdi.

"Zilola opam Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi do’stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga, biz yosh avlodni tanitish va rag’batlantirishga sababchi bo’ldilar. “Iste’dod uchqunlari” nomli almanax kitob, ya’ni top’lam chop ettirib, olqishga sazovor ish qildilar. Bu bilan prezidentimiz Shavkat Miromonovichning qo’shni davlatlar bilan do’stona munosabatlarni yanada rivojlantirish siyosatiga amaliy ko’mak bergandek bo’ldilar, deb o’ylayman. Kitobda o’z ismimni o’qib, judayam quvondim, tabiiyki, men qatori do’stlarim ham xursand bo’ldilar. Bu ishni amalga oshirish chetdan qaralganda oson ko’rinsa-da, ammo buni o’ziga yarasha mas'uliyati bor va uncha-muncha odam bajaravermaydi. Bundan keyin biz yosh avlodga nafaqat Zilola opam, balki katta-katta adiblariiz ham ko’maklashadilar, davlatlararo do’stligimizni mustahlamlaydilar, deb umid qilaman. Zilola opamga esa omadlar yanada yor bo’lsin", - deydi Nyu-Yorkdan Marziya Sodiqova.

Toshkentning “TURON-IQBOL” nashriyoti chop etgan badiiy kitob Tojikistonda maktab quyi sinf o’quvchilariga ham juda yoqib tushdi. Tojik maktabida o’qib, bolalarbop she’r va topishmoqlarni yod olgan o’n yashar 3-sinf o’quvchisi Shamsiya kitobdagi Toshkentning Chinoz nohiyasidan bo’lgan iste’dodli yosh shoira Iroda Rahmonaliyeva ijodiga mehri tushganini aytadi.

"Katta she’rlar kitobi ekan, kattalarning qo’lida ko’rib qiziqib oldim, bolalarga atalgan she’rlari bor ekan, menga juda yoqdi. Iroda Rahmonaliyeva degan toshkenlik opajonim bor ekan, bolalarga atab juda yaxshi she’rlar yozar ekanlar. Bizlarda ham bunaqa kitoblar ko’p, lekin bu yaxshi ekan, o’zbekchasi juda zo’r ekan. O’zbekistondan shunaqa kitoblar ko’proq kelsa biz bolajonlar juda xursand bo’lamiz. She’rlarni shunday yodladimki, sinfda aytsam, boshqa bolalar ham qiziqib qoldi, masalan dugonalarim Marhabo, Nilufarlar ham yod olishdi", - deydi Shamsiya quvonib.

Yosh ijodkorlar to’plamiga she’rlari kiritilgan sug’dlik qalamkash Dilshod Yunusov kitobning Toshkentda chop etilishidan Tojikistondagi o’zbek qalamkashlari juda quvonishganini ta’kidlarkan, ulug’ adiblarni bu ishga rahnamoligi ham bo’lsa yaxshi bo’lardi, deydi.

"Kitobga o’n olti ijodkorning namunalari qo’shilgan bo’lib, jumladan, Tojikistondan Zavqiddin Mardonov, G’iyos Malik va mening ijodlarim kiritilgan. Shu ijodkorlarning jamlanishi o’zi katta ish. Kelajakda O’zbekiston-Tojikiston xalqlari ijodda ham, ishda ham, tadbirkorlikda ham bir-biriga yanada yaqinlashsa, deb umid qilaman. Mana yaqinda Toshkent-Dushanbe aviaparvozi 25 yil orasida brinchi marta amalga oshdi, biz juda xursand bo’ldik. Ajabmas, yaqin kelajakda davlatlarimiz aloqasi yanada yaxshilanib ketsa, kelajakda ham o’zbek-tojik yosh ijodkorlari mana shunday top’lam kitoblar chop etishlariga hozirgi “Iste’dod uchqunlari” kitobimiz turtki bersa", - deb umid bildiradi Dilshod.

Uning fikricha, har ikki respublikadagi taniqli shoir va yozivchilar bu masalada yoshlarga dalda bersalar, mumkin qadar ko’maklashsalar nur ustiga nur bo’lardi.

Bugungi kunda so’zning qudrati juda ham kuchli ekanligini e’tirof etgan Dilshod Yunusov zamon ruhiyatidan kelib chiqib ijod etgan she’ridan parcha o’qidi, tengdoshlarini hushyorlikka da’vat qildi:

"… Har qadamda chalsalar, parvo qilma birodar,
Dushmaning ichda bo’lsa, yirtqich hayvon kerakmas.
Ko’p ham she’rlar yozmagin, bema’no-yu, besifat,
Bitta halol she’r bo’lsin, mingta devon kerakmas.
Har so’zingni bol ayla, Dilhod tiling yomondir,
Hozir zamon omonat, unday zabon kerakmas".

Ayni paytda Tojikistondan yana boshqa ijodkorlar - Dilbar Navo, Elyor, Navro’z, Karomatullo G’oziyev, Anvar Hamrozlarning ijodi o’zbekistonlik o’ndan ortiq havaskor qalamkashlar bilan birgalikda yangi to’plamga kiritilmoqda. Bu safar yangi kitob Tojikistonda chop etilishi rejalangan.

Tojikistondagi o’rta maktablardan birida o’zbek tili va adabiyotidan dars beruvchi tajribali pedagog Shodiya Ro’zimatova ikki respublika yoshlarining bu amaliy harakatini respublikalar o’rtasidagi do’stona aloqalarni rivojlantirishdagi xalq diplomatiyasi deb baholarkan, davlat liderlari ham ulardek bo’lishiga umid bildiradi.

"Har qanday holatda ham, ikki qo’shni mamlakatlar orasida o’zaro yaqinlik va hamjihatlik ustuvor qolishi zarur", - deydi o’qituvchi Shodiya.

XS
SM
MD
LG