Juzjon viloyatida "Islomiy davlat" va Tolibon to’qnashdi


Afg’oniston shimolidagi Juzjon viloyatida "Islomiy davlat" va Tolibon o’rtasida to’qnashuv yuz bergan. Juzjon rasmiylarining bildirishicha, har ikki tomonda qurbon ko'p, o’nlab jangari halok bo’lgan.

Juzjon hokimi so’zlovchisi Muhammad Rizo G’ofuriyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, DAISh va toliblar o’rtasidagi to’qnashuv Darzob tumanining Oqsoy va Ko’mirli hududlarida ro’y bergan. Uning qo’shimcha qilishicha, toliblar o’zini “Islomiy davlat” to’dasi a’zosi deb iddao qilgan jangarilar pistirmasiga duch kelgan.

“To’qnashuvlarda 76 tolib va 15 nafar DAISh a’zosi o’lgan. 56 tolib va 12 nafar DAISh jangarilari yaralangan”, - deydi Juzjon hokimi so’zlovchisi Rizo Go’furiy.
10 nafar tolib DAISh tomonidan asir olingan.

Toliblar va DAIShning o’zaro to’qnashishiga mahalliy soliqni yig’ish, yozgi mahsulotdan olinayotgan moliyaga egalik qilish yuzasidan keishmovchiliklar sabab bo’lgan.

G’ofuriyga ko’ra, hukumat isyonchi guruhlar o’rtasida vujudga kelgan bunday vaziyatdan o’z manfaati uchun foydalanishi tabiiy.

“Darzob va Qo’shteppa tumani aholisi hozir beqaror vaziyatdan tashvishda. Biz ularning xavfsizligini ta’minlash uchun, hududlarni jangarilardan tozalash uchun umumiy harbiy amaliyot o’tkazishni rejalaganmiz”, - deydi u.

Suhbatdoshga ko’ra, oddiy aholiga ham zarar yetgan bo’lishi mumkin.

“Lekin hanuzgacha bu borada hech qanday ma’lumot yo’q”, - deydi G’ofuriy.

Mamlakat Ichki ishlar vaziri Toj Muhammad Johid shimoliy viloyatlar, jumladan Juzjonga safari chog’ida ushbu ikki tumanni isyonchilardan tozalash uchun yirik operatsiya o’tkazishga va’da bergan.

Nangarhor, Hilmand va Sari Pul qatorida Juzjon ham “Islomiy davlat” to’dasi keng ko’lamda faoliyat olib borayotgan viloyatlardan biridir. Qo’shteppa va Darzon tumanlari esa guruhning markazlashgan hududlaridan hisoblanadi.

“Darzobda DAIShiylar soni 200 nafarga yaqin. Toliblar esa 800 nafarni tashkil qiladi. Toliblar soni tez-tez o’zgarib turadi, chunki ular gohida bir hududdan boshqa bir hududga yordamchi kuch sifatida qatnab turadi”, - deydi G’ofuriy.

Uning ta’kidlashicha, hukumat hech bir guruhga buzg’unchilik uchun ruxsat bermaydi.

Juzjon Afg’onistonning shimolida joylashgan bo’lib, aholisi yarim millionni tashkil qiladi. So’nggi uch yildan beri beqarorlashib kelayotgan Juzjon ilgari eng tinch viloyatlardan biri edi.

XS
SM
MD
LG