Toliblar: Rossiya bizga yordam beryapti


Rossiya rahbari Vladimir Putin Kobulga tinchlik tarafdori ekanini aytib keladi

Rossiya toliblarni quvvatlayotgani haqida Britaniya axborot vositalari yangi ma’lumotlar tarqatdi. Toliblar har oy Moskvadan 2,5 million dollar atrofida moliyaviy yordam olmoqda, deyiladi unda. Afg’oniston hukumati Rossiyaning bu ishidan g’azabda. Tolibonga ko’ra, ular mazkur mablag’ni O’zbekiston chegarasidan Afg’onistonga o’tayotgan neftni sotish bilan qo’lga kiritadi, evaziga qurol-aslaha xarid bo’ladi.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi Rossiya “bizga do’st” deya qayd etadi.

“Agar Rossiya toliblarga yordam berayotgan bo’lsa, ular xato qilishyapti. Isyonchilarni yo’q qilish uchun Rossiya to’g’ridan-to’g’ri afg’on hukumatini qo’llab-quvvatlashi kerak”, - deydi vazirlik so’zlovchisi Davlat Vaziriy.

Ayrim qonunchilar nazarida, isyonchi guruhlarni quvvatlash vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

“Rossiya o’zini jabrlangan deb biladi. Shu uchun mintaqadagi o’zgarishlarni boshqarishga urinadi. Bu bilan afg’on xalqi dushmanari kun o’tishi bilan kuchliroq bo’ladi, bu ish mantiqdan emas”, - deydi qonunchi Nohid Farid.

Rossiya rahbari Vladimir Putin Kobulga tinchlik tarafdori ekanini aytib keladi. Afg'onistonning markaziy hukumati va toliblar orasida tinchlik muzokaralari olib borib, murosa qilish kerak, degan bayonotlar chiqargan.

Tolibon Afg'oniston bo'ylab hujumlarni davom ettirmoqda
Tolibon Afg'oniston bo'ylab hujumlarni davom ettirmoqda

Tahlilchi Asadulla Nadimning ta’kidlashicha, Rossiya toliblar bilan 90-yillardan beri yaqin aloqada. Hatto harakatning sobiq rahbari Mulla Axtar Muhammad Mansur Markaziy Osiyo davlatlarida Rossiya hukumati namoyandalari bilan uchrashgan, moliyaviy yordam bilan siylangan, deydi u.

“Rossiya AQShning Afg’onistondagi kuchlariga halaqit berishga harakat qiladi. AQSh Ukraina, Qrim kabi joylarda Rossiyaga qarshi siyosat yuritayotganidek, Afg’onistonda Rossiya AQShga qarshi shunday siyosat olib borishga harakat qiladi. Bu kabi siyosat davomli bo’lganida afg’on xalqi uchun xavfli bo’ladi”, - deydi Asadulla Nadim.

Suhbatdosh Afg’onistonning Rossiya xususidagi tashqi siyosatini tanqid qilar ekan, hukumatning Rossiyaga nisbatan siyosati qayta ko’rib chiqilishi zarurligini ta’kidlaydi.

“Afg’on hukumati Rossiyaning tashvishiga sabab bo’lmaydigan bir siyosat tuzishi kerak”, - deydi tahlilchi.

Ekspertlar nazarida, Afg’oniston-Rossiya savdo aloqalari kutilmagan darajada ozaygan. Bu ham Moskvani Afg’onistonda shunday siyosat olib borishga majburlagan bo’lishi mumkin.

“Rossiya Afg’oniston iqtisodi hamda bozoridan tashqari asralgan. Afg’oniston savdo siyosatida Rossiya 85-o’rinda turadi. Sobiq sho’rolar davrida Afg’oniston Rossiyaning uchinchi yaqin hamkori edi”, - deydi tahlilchi Asadulla Nadim.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG