Breaking News

TAPI Afg'oniston kelajagiga qanday ta'sir ko'rsatadi?


Afg'oniston, Turkmaniston, Pokiston va Hindiston ishtirokidagi TAPI gaz quvurining Afg'onistondagi qurilishiga Hirotda start berildi.

TAPI - Turkmaniston gazini Afg’oniston va Pokiston orqali Hindistonga yetkazib berishga mo'ljallangan yirik iqtisodiy loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi. Juma kuni ertalab quvurning Turkmaniston bo’limi qurib bitkazilgani e’lon qilindi.

TAPI gaz quvurining Afg’oniston hududidagi ishi boshlandi. Mamlakat g’arbidagi Hirot viloyatining To’rg’undiy hududidan Pokiston chegarasidagi Qandahorgacha bo’lgan ushbu gaz quvurini bitkazish ishi afg’on hukumati zimmasida.

TAPI loyihasining Afg’oniston bo’limi boshlanishi tadbirida so’zlagan Prezident Muhammad Ashraf G’ani mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

G’ani Turkmaniston davlati, xususan, Prezident Qurbonguli Berdimuhamedovning tinimsiz sa’y-harakati uchun unga minnatdorlik bildirdi.

Afg’oniston prezidenti TAPI loyihasi faqat gaz quvurini o’tkazish uchun mo’ljallangan bo’lmay, balki uning doirasida elektr energiyasi va optik tolali kabel olib o’tish hamda temir yo’l ham qurilishini bildirdi.

Afg’oniston rahbari loyihaga sherik davlatlar yordamida mamlakatda tinchlik ta’minlanishi, xalq iqtisodiy ahvoli yaxshilanishiga ichonch bildirdi.

Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhamedov Afg’onistonga har tomonlama yordam berishni va’da qildi.

“Bugun barchamiz uchun ulug’ bayram. Biz bu bayramni Afg’oniston, Pokiston, Hindiston xalqi bilan birgalikda nishonlamoqdamiz”,- deydi Berdimuhamedov.

Afg’niston taraqqiyoti, rivojiga va barqarorligiga yordam berishni ta’kidlagan Turkmaniston prezidenti mintaqaviy hamkorlikning kengayishiga umid bildirdi.

Ayni paytda Pokiston Bosh vaziri Shohid Hoqon Abbosiy Afg’oniston tinchligi Pokiston, xususan, Markaziy Osiyo tinchligi ekaniga ishora qildi.

“Hech bir davlat Afg’onistonga Pokiston kabi do’st va xayrixoh bo’la olmaydi”,- dedi Abbosiy.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Mubashshir Jovid Akbar loyiha sherik davlatlar aloqalarini yuksaltirishda muhim rol o’ynashi mumkinligi haqida gapirdi. U ayni holda oddiy aholi uchun chegaralar xavfsizligi oshirilishini ta’kidladi.

“Men bugun barcha chegaradan xotirjam o’tdim. Oddiy aholi ham shunday imkoniyatga ega bo’lishi kerak”, - deydi u.

Mubashshir Jovid Akbar kelajak uchun yetti o’lchab bir kesilgan holda qaror qabul qilish zarurligini urg’uladi.

“Ota-boblarimiz chiqargan xato qarorlar uchun biz javob berayapmiz. Shunday qaror qabul qilaylikki, kelasi avlod tinch-totuv yashasin”, - deya ta’kidlaydi Hindiston tashqi ishlar vaziri.

“Tinchlik va barqarorlik bir-biri bilan uzviy bog’liq”,- deydi Akbar.

Turkmaniston gazini Afg’oniston va Pokiston orqali Hindistonga yetkazib berish loyiasi Afg’onistondagi vaziyatni yaxshilash uchun xizmat qiladi degan qarash kuchli.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG