Tramp soliq kodeksini yangilamoqchi

  • Amerika Ovozi

Rik Makvey, Chikagoda tanilgan gul do'koni egasi, Prezident Trampning soliq tizimini o'zgartirishga bel bog'laganidan mamnun

Kichik bizneslar Amerikada prezidentning soliq siyosatidan mamnun. Donald Tramp hamma uchun, xususan ular uchun ham soliqni pasaytirmoqchi. Soliq kodeksini osonlashtirmoqchi. Lekin bu aslida juda qiyin ish.

Oq uy yaqinda soliq tizimini tubdan yangilashni va’da qildi. Tarixiy qadam, deya targ’ib qildi.

“Bizneslar bundan ulkan foyda ko’radi”, - dedi Moliya vaziri Stiven Mnuchin.

Tadbirkorlar ish oson kechmasligini biladi. Lekin soliq 39 foizdan 15 foizga tushishi mumkinlidan og’zi qulog’ida.

“Kamroq soliq to’lay boshlasam, sarmoya uchun qo’limda ko’proq pul bo’ladi. Investitsiya qilaman”, - deydi Rik Makvey, gul do'koni egasi.

Oq uy bir betlik bayonot bilan siyosatni va butun boshli tizimni yangilab qo’ymaydi, deydi tahlilchilar.

“Nazarimda, ma’muriyat o’zi uchun imkoniyatlar maydonini kengaytirishga urinmoqda”, - deydi ekspoert Skot Grinberg.

Maqsad, deydi rasmiylar, soliq to’lash jarayonini yengillashtirish, oilalar qo’lida ko’proq mablag’ bo’lishini ta’minlash.

“Bizning hisobimiz bo’yicha, Tramp taklif qilayotgan siyosatga binoan o’rtahol oilalarning daromadi 1,3 foizga oshadi. Gap bu yerda yiliga 40-60 ming dollar daromad qiladiganlar haqida ketmoqda”, - deydi Grinberg.

Xuddi shu hisob bo’yicha, deydi ekspertlar, boy amerikaliklarning daromadi 16 foizgacha ko’tarilishi mumkin.

“Demak, yangicha soliq badavlat amerikaliklar uchun xizmat qiladi”, - deydi tahlilchi Vilyam Geyl.

Prezident Tramp nazarida boylarni soliq bilan jazolash adolatsizlik. Tizim hamma uchun bir bo’lishi kerak, deydi u. Amerikada daromadi yuqori oilalar azaldan ko’proq soliq to’lashga majbur ekani noto’g’ri, deydi u.

Geyl deydiki, iqtisodiy tafovut shundoq ham tobora keng.

“Yuqori daromadli oilalarga soliqni nega kamaytirayapmiz? Sabab nimada? O’tgan 2, 3, 4 o’n yillikda ular har jihatdan ulkan foyda ko’rdi”,- deydi ekspert.

Amerikada daromad solig'i 10-40 foiz atrofida
Amerikada daromad solig'i 10-40 foiz atrofida

Atlantadan tadbirkor Donna Sibush fikricha, soliqni kamaytirish butun iqtisodiyotni oldinga yetaklaydi.

“Soliq kamaysa, daromad va biznes solig’i, masalan, hisobingizda ko’proq pul bo’ladi. Buning nimasi yomon”?

Iqtisodni yaxshi tushunadiganlar esa hech narsa tekin emas, deya eslatadi. Prezident Tramp ham, Kongressdagi qonunchilar ham biladiki, federal daromad asosan soliqdan. Davlat o’z xarajatlarini qoplashi uchun soliqdan tushgan mablag’ga tayanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG