Breaking News

Uyg'urlar Tiananmen voqeasi bo'yicha xalqaro tergovga chaqirmoqda


Pekinda Tiananmen maydoniga kirishda, Xitoy, 29-oktabr, 2013-yil
Pekinda Tiananmen maydoniga kirishda, Xitoy, 29-oktabr, 2013-yil
Xitoy hukumati xalqni terrorga qarshi kurashga chaqirmoqda. Pekin fikricha, dushanba kuni poytaxtdagi Tiananmen maydonida sodir bo’lgan voqea terror xurujidir. Pekindagi muxbirimiz Bill Aydning xabar qilishicha, voqea yuzasidan besh kishi hibsga olingan.

Xitoy matbuotiga ko’ra, Tiananmen maydonida sodir etilgan xuruj shinjonlik bo’lginchilar ishidir.

Dushanba kuni maydon yoqalab ketayotgan avtomobil birdan trotuarga chiqib, odamlarni bosgan. So’ng mashina alanga olgan. Natijada ikki sayyoh o’lgan. Avtomobildagi uch kishi ham nobud bo’lgan. Huquq-tartibot organlari ularni uyg’urlar demoqda.

Xorijdagi uyg’ur faollari hukumatni o’z millatdoshlariga qarshi zulmni oqlash uchun shunday qilayotganlikda ayblamoqda.

Jahon uyg’urlari kongressi vakili To’lqin Iso voqeani xalqaro miqyosda tergov qilishga, xalqaro matbuotni Xitoyga kiritishga chaqirmoqda.

"Aks holda ko’plab begunoh insonlar qamalishi, uyg’urlar yanada qattiq ta’qibga olinishi mumkin", - deydi faol.

To’lqin Isoning aytishicha, Xitoyda hukumatga qarshi kurash uyushgan shaklda emas. Ayrim uyg’urlar tushkunlikka tushib, xurujlarga qo’l urayotgan bo’lishi mumkin, deydi u.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chunyin maydondagi hodisaning hukumat siyosatiga aloqasi yo’q, deydi.

"Terrorizmga davlatning milliy yoki diniy siyosati sabab deyayotganlar xato qiladi. Ularning maqsadi boshqa", - deydi rasmiy.

Hukumat Tiananmen voqeasining terror xuruji ekaniga doir hozircha yaqqol dalil keltirmagan.

Politsiya ma’lumotiga ko’ra, olomonga o’zini urgan mashinada erkak haydovchi bilan birga uning turmush o’rtog’i va onasi ham bo’lgan. Ular mashinaga o’t qo’yib, o’zlari ham o’lgan, deyiladi rasmiy xabarlarda. Politsiya mashinadan pichoqlar, yoqilg’i to’ldirilgan kanistralar va diniy ekstremistik mazmundagi shiorlar chiqqanini aytmoqda.

Voqeaga aloqadorlik gumoni bilan besh kishi hibsga olingan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG