Tillerson: Xorijiy jangchilar Iroqni tark etsin

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson va Qirol Salmon, Riyod, 22-oktabr, 2017

Qo'shma Shtatlar Saudiya Arabistoni va Iroq o'rtasida munosabatlar yaxshilanayotganini olqishlamoqda. Bu Eronning regiondagi ta'sirini kamaytirishga xizmat qiladi, deydi Davlat kotibi Reks Tillerson.

AQSh bosh diplomati Saudiya Arabistonida mehmon. U avgust oyida ikki davlat o'rtasida yirik chegara punkti ochilgani, Bag'dod va Riyod orasida parvozlar qayta yo'lga qo'yilganini misol keltirdi.

"Qirollik va Iroq o'rtasidagi do'stlik kollektiv xavfsizlikni kuchaytirish uchun o'ta muhim", - dedi Tillerson.

Saudiya-Iroq mufoviqlashtiruvchi qo'mitasining ilk majlisida qirol Salmon ham so'zladi:

"Ekstremizm, terrorizm, mamlakatlarimizni beqarorlashtirishga urinish kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashib turibmiz regionda. Bu urinishlarga butun diqqatimizni qaratishimiz kerak".

Iroq Bosh vaziri Hadar al-Abadiy Saudiya Arabistonini qardosh xalq deya ta'riflab, yangi davrga qadam qo'yishga chaqirmoqda. "Bo'linish va ziddiyatlardan charchadik. Boshqa davlatlar ishiga aralashuv to'xtashi kerak", - deydi u.

Aksariyat aholisi shialardan iborat Iroq va sunniy qirollik o'rtasida 1990-yillardan buyon aloqalar sovuq bo'lgan. 2015-yilda Riyod Bag'dodda elchixonasini qayta ochdi, chegaralar ochildi va havo qatnovi yo'lga qo'yildi. Ammo o'rtada ziddiyatlar hamon talay. Eron quvvatlovidagi qurolli guruhlar Iroqda faol. Ular yaqinda Kirkuk shahridagi neft konlarini kurdlardan tortib olishda Iroq armiyasiga ko'maklashgan.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash oxirlayotganini ta'kidlab, Iroqdagi xorijiy jangchilar vataniga qaytsin, dedi. Tillerson Qatar, Pokiston, Hindiston va Shveysariyaga ham tashrif buyuradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG