Breaking News

Qatarga qo'shnilardan keskin talablar


Al-Jazira telekanali studiyalari, Doha
Al-Jazira telekanali studiyalari, Doha

Saudiya Arabistoni va yana bir necha arab davlati Qatar bilan aloqani to'xtatgan. Ular amirlikdan Eron va "Musulmon Birodarlar" bilan hamkorlikni uzishni talab qilmoqda. Yana bir talab - "Al-Jazira" xalqaro telekanalini yopish.

13 banddan iborat talabnoma Qatarga vositachi Quvayt tomonidan topshirilgan. Turkiya qo'shinlari Qatardan chiqib ketishi shart, deyiladi unda.

Saudiya Arabistoni, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn iyun boshida Qatarni terrorizmni quvvatlayotganlikda ayblab, u bilan rishtalarni kesdi. AQSh ular tomonda.

Bu davlatlar Qatarga 10 kun ichida ularning shartini bajo etishni talab qilmoqda. Moliyaviy da'volar ham bor.

Qatar esa blokada to'xtamas ekan, shartlarga quloq tutmoqchi emas. Hozirda amirlik bilan savdo va qatnov to'xtab qolgan.

Qatar mustaqil, suveren mamlakat va o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish ko'radi, deydi amirlik rasmiylari.

Doha
Doha

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson nazarida talablar haddan oshib ketmasligi kerak, biroq qo'shnilarning Qatarga ishonchni tiklashi uchun bu davlat dadil qadamlar tashlashi, o'zgarishlar qilishi kerak.

Qatar Saudiya Arabistoni, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn fuqarolariga o'zidan doimiy joy berishi kerak. Eron singari dushman mamlakatdan kelganlarni va terrorga aralashgan guruhlarning a'zolarini esa haydashi kerak.

Qatar terror tashkilotlarga har qanday bevosita va bilvosita yordamni to'xtatishi shart, deyiladi talabnomada. Terrorga qarshi kurashda qo'shnilar bilan yaqindan ishlay boshlashi kerak.

Qatarga ko'ra esa u biror terror tizimini himoya qilmayapti yoki unga ko'maklashmayapti. Biroq Hamas va Tolibon singari harakatlarning a'zolariga boshpana bergani fakt. Amirlik buni tan oladi.

Al-Qoida va "Islomiy davlat" singari terror to'dalari, shuningdek, Hizbulloh va al-Nusra Fronti ham Qatardan madad olayotganlikda gumon qilinadi. Amirlik ular bilan aloqasi yo'qligini isbotlashi kerak.

Turkiya ayni damda Qatarda 5000 qo'shinga ega
Turkiya ayni damda Qatarda 5000 qo'shinga ega

Qatar Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga bosh egib, Erondek shia tuzum bilan har qanday sheriklikni bas qilishi kerak, deydi qo'shni hukumatlar. Amirlik nazarida esa bunday talablar asossiz, chunki boshqa davlatlar uning siyosiy qarorlariga to'sqinlik qilmasligi lozim.

Al-Jazira teletarmog'ining barcha bo'limlari, xususan ingliz tilida efirga chiqadigan inglizcha kanali ham yopilsin, deyiladi talabnomada. Chunki, deydi norozi tomon, unda "Musulmon Birodarlar" va boshqa siyosiy-islomiy harakatlar targ'ib qilinadi. "Arabi21" va "Middle East Eye" kabi media tizimlar ham nishonda.

Qatar bu talablarni bajo keltira boshlasa, har oy tekshiriladi va kelasi 10 yil mobaynida har yili monitoringdan o'tishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG