Breaking News

Indiana shtatiga sayohat. Blumington shahridan reportaj


Blumingtondagi afg'onlarga qarashli "Samira" restorani
Blumingtondagi afg'onlarga qarashli "Samira" restorani



Blumington shahri Indiana shtatida joylashgan bo'lib, shtat AQShga 1816-yilda qo'shilgan. Bu hududlarda avallari hindular yashagan, ammo bugunga kelib Blumingtonda ularni uchratmaysiz; qora tanlilar va latinolar ham juda ozchilikni tashkil qiladi. Shahar katta emas, 10 yil burungi hisobga ko'ra, aholi soni 70 ming odam atrofida.

Blumingtonga 1820-yilda asos solingan. Tarixiy binolari va tor ko'chalari Yevropaga o'xshab ketadi. Shahar juda ixcham, tabiati go'zal, aholisi juda yumshoq. Uni ko'pdan beri "daraxtlar shahri' deb atashadi. Blumington shu qadar go'zalki, qay burchagida bo'lmang, diqqatingizni tortaveradi, suratga tushgingiz kelaveradi. Gollivud filmlarining bir nechtasi shu yerda suratga olingan.

Yilning har fasli o'z o'rnida: qishi sovuq, yozi issiq bo'ladi. Tez-tez yomg'ir yog'ib turadi. Bunga safarimning birinchi kuniyoq guvoh bo'ldim. Blumingtonga kuz kelgani bilan, yoz hali xayrlashib ulgurmagandek. Ayrim joylar hali ham ko'm-ko'k, boshqa joylarda barglar qizg'ish rangga kirgan.

Shahardan Indiana shtati poytaxti Indianapolisgacha mashinada bir soatlik yo'l. Blumingtonga kirishdan oldin sayyohlar "Oliver" vinochilik xo'jaligida albatta to'xtab o'tadi. Sarishta uzumzorlari va ajoyib tabiatidan tashqari shu yerning o'zida tayyorlangan vinoni tatib ko'rsa bo'ladi.

Yaqinda turmush qurgan Joel va Krista Bosmen asal oyida shu yerga kelishga qaror qildi.

"Rafiqam "Oliver" qizil vinosining bir turini xush ko'radi. O'shanga bu yerga kelishga, bir yo'la vinoning boshqa navlarini ham tatib ko'rishga qaror qildik. Juda ham chiroyli joylar ekan", - deydi Joel.

Xo'jalikning marketing bo'yicha rahbari Pamela Bonin 15 dan ortiq shtatni vino bilan ta'minlaymiz, deydi.

"Bu Indiana shtatidagi eng katta va eng eski vinochilik xo'jaligi. Uzumni asosan shu shtatda yetishtiramiz. Ayrimlarini boshqa joylardan xarid qilamiz. Vinoning bir necha sortlari bor bizda. Sayyohlar avval bizga keladi. Biz Blumingtonning darvozasimiz", - deydi u.

Blumingtondan 15 kilometr narida, o'rmonzorlar bag'rida Monro ko'li joylashgan. Indianadagi eng yirik suv havzasi bo'lib, rezervuar 1965-yilda qurilgan. Ayrimlar u yerda baliqchilik bilan shug'ullansa, boshqalar qayiqda sayr qiladi, yana ba'zilar esa uning atrofidagi parkda hordiq chiqaradi.

Shahar nafaqat ma'rifat, balki san'at markazi hamdir. Bu yerda ko'plab musiqali festivallar o'tkaziladi. AQShdagi eng yirik musiqa maktablaridan biri Blumingtondagi Indiana Universiteti qoshida faoliyat yuritadi. Unda jahonning eng mashhur va iqtidorli musiqa ustalari dars beradi.

Shaharda afg'on muhojirlariga qarashli "Samira" restorani, sharqona gilamlar sotadigan do'kon bor. Magazinning egasi afg'onistonlik o'zbek Gulmuhammad Saidiy. Afg'on, Eron, turkman, o'zbek gilamlarini sotib kun ko'radi. O'zbek oilalari Blumingtonda bir nechta bo'lib, ular bir-biri bilan bordi-keldi qilib turadi.

Blumingtonni Amerikaga mashhur qilgan bu - Indiana Universiteti. Dorilfunun aslida shtatning sakkiz qismida joylashgan bo'lib, eng yirigi Blumingtonda. Unda 40 mingga yaqin talaba o'qiydi. Shahar iqtisodiyoti asosan shular hisobiga rivojlanadi. Talabalarni har qadamda ko'rish mumkin - ko'chada, kafeda, sartaroshxonada, bog'larda. Shaharning o'zi katta bir universitetday. Fakultetlar shu qadar ko'pki va shahar bo'ylab yoyilganki, universitet arxitekturasini shaharnikidan deyarli ajratib bo'lmaydi.

Sayyohlar Blumington haqida bilmoqchi bo'lsa, maxsus markaz ularga muntazir. Bu joy direktori Juli Uorrenning aytishicha, sayyohlarning asosiy qismi universitetga aloqador.

"Blumingtonga nafaqat shu atrofdan, balki Amerika va dunyoning turli chekkalaridan odamlar kelishadi. Ba'zilar o'qishga kirish uchun, boshqalar esa universitetning sobiq bitiruvchilari. Oddiy sayyohlar ham bor. Ular shahardagi madaniy tadbirlarni tomosha qilish uchun kelishadi. Mehmonlar uchun sport, musiqa, balet, teatr kabi ko'plab tomoshalar muhayyo", - deydi Uorren.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG