Tramp: Kitobdagi gaplarga ishonmang, men dahoman

  • Amerika Ovozi

Donald Trampning bir yillik prezidentligi haqida yangi kitob chiqishi ketidan AQSh rahbari "ishlarim 100 foiz to'g'ri, hech qachon qonunga xilof ish qilmaganman", deb o'zini himoya qilmoqda.

"Mening saylov kampaniyam va Rossiya o'rtasida hech qanday aloqa yo'q", - dedi u Kreml uning saylanishiga yordam bergani haqidagi da'volarga ishora qilib. Tramp fikricha, bu borada tergov olib borilayotgani ahmoqona ish.

Prezidentning Merilend shtatidagi "Kemp Deyvid" qarorgohida qonunchilar va vazirlar bilan uchrashgan Donald Tramp jurnalistlar savollariga javob berdi. Sal avval o'z tvitlarida prezident o'zini "aqli raso, geniy" deb ta'riflagan edi.

“Alanga va qahr: Trampning Oq uyi” nomli kitobda Tramp oliy lavozimga noloyiq shaxs sifatida gavdalanadi. Prezidentning advokatlari uni nashrdan to'xtatishga harakat qilgani, Oq uy kitob muallifi Maykl Vulfga tanqidlar yog'dirgani omma qiziqishini avj oldirgan.

Tramp kitobni fantastik asar deb hisoblaydi. Uning aytishicha, AQShda birovga tuhmat qilishga doir qonunlar zaif ekani bois Maykl Vulf kitobni nashr eta oldi.

Yuzlab intervyular asosida yozilgan kitobda prezidentlikning birinchi yili pala-partish, mutlaqo tartibsiz ravishda o'tgani, Trampning o'zi bolasifat va ehtimol ruhiy yordamga muhtoj ekani yozilgan.

"Aslida hayotim davomida eng kuchli jihatim aqliy qobiliyatim bo'lgan. Hillari Klinton ham o'zini aqlli qilib ko'rsatishga harakat qildi, lekin uddalay olmadi. Muvaffaqiyatli tadbirkor edim, so'ng televideniye yulduziga aylandim, keyin esa AQSh prezidentiga! Nafaqat aqlliman, balki daho desa bo'ladi", - deb yozdi Tramp tvitlarida.

Prezident jurnalistlarga eng yaxshi universitetlarda ta'lim olib, biznesidan milliardlab dollar daromad qilgani haqida ham maqtandi.

Jorj Bush davrida Oq uyda ishlagan huquqshunos Richard Peynterga ko'ra, Trampning o'zini maqtab yozishlari sharmandalik.

"Ikkinchi sinfda "klasskom" bo'lishga harakat qilayotgan, lekin hali pishmagan nomzodning bayonotiga o'xshaydi", - dedi Peynter.

Respublikachilarga tashqi siyosat bobida maslahatchilik qilgan Jon Aravosis prezidentga tavsiya berdi:

"Aqliy qobiliyatlaring mamlakat bo'ylab muhokama qilinishini istamasang, omma oldida bu mavzuda maqtanma".

Trampni bosiq, esli-hushli shaxs deb hisoblaysizmi? Dekabr oyida o'tkazilgan so'rovda qatnashganlarning 70 foizi bu savolga "yo'q" deb javob bergan.

“Alanga va qahr" kitobi muallifi Maykl Vulfga ko'ra, Tramp darhol hujumga o'tishi, advokatlari bilan qo'rqitishi yangilik emas.

"Men suhbat qilganlarning barchasi Trampni birdek tasvirlaydi. U bamisoli yosh bola. Hamma narsa uning atrofida aylanadi, maqtab turish kerak uni", - deydi jurnalist.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG