Demokratlarning Trampga qarshiligi kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

29-aprel kuni Donald Trampning AQSh prezidenti sifatida ish boshlaganiga 100 kun to’ladi. Siyosatshunoslar va saylovchilari uning saylovoldi va’dalari qanday bajarilganini tahlil qiladi. 1933-yilda Buyuk tushkunlik paytida hokimiyatga kelib, iqtisodiy qiyinchilik paytida qator islohotlarni amalga oshirgan Franklin Ruzvelt davridan beri yangi prezidentning 100 kuniga baho berish an’anaga aylangan.

Demokratlar so’nggi paytlarda turli majlislarda Prezident Trampni nishonga oldi. Ba’zi respublikachi qonunchilar ham partiyadosh-rahbarni to’laligicha qo’llab-quvvatlayotgani yo’q.

“Prezident Tramp bilan ba’zi masalalarda hamfikrman, biroq doim ham fikriga qo’shilmayman”, - dedi arizonalik senator Jeff Fleyk.

Prezident soliq deklaratsiyasini oshkor etishdan bosh tortarkan, ayrim demokratlar Trampga qarshi namoyishlarda qatnashdi. Iyun oyida Jorjiya shtatida bo’ladigan Kongressga maxsus saylovda saylovchilarning Trampga bo’lgan muhabbati sinaladi.

O’tgan yili yangi siyosiy tashkilot tuzgan prezidentlikka sobiq nomzod Berni Sanders mamlakat bo’ylab tashviqot kampaniyasini olib bormoqda.

“Demokratik partiyani yangidan qayta qurib, uni xalq partiyasiga aylantirishimiz kerak”, - dedi u.

Demokratlar Trampga qarshi tish qayrab turgan bir paytda prezident byudjet inqirozini hal etishda ulardan yordam so’rashi mumkin.

“Hukumatning yopilishini istamaymiz, shunday emasmi?” – dedi Tramp.

Biroq tahlilchi Sara Binderning aytishicha, demokratlar hamkorlikka da’vatni inkor etishi mumkin.

“Demokratlar respublikachilar bilan hamkorlik saylov paytida partiyaga qo’shimcha ovoz keltirmasligini anglagan ko’rinadi. Albatta, agar gap muhim masala haqida ketmayotgan bo’lsa. Demokrat saylovchilar ham partiyasining hamkorlik qilishini istamaydi”, - deydi Brukings tahlil instituti eksperti.

Yana bir siyosatshunosga ko’ra, tibbiy sug’urta va boshqa masalalarda respublikachilarning o’zi ham bir fikrda emas.

“Prezidentning asosiy maqsadi raqiblarni bo’lib qo’yib, do’stlarni birlashtirish, ammo shu kungacha buning aksiga guvohmiz”, - deydi Uilyam Galston.

Biroq Trampga faqat qarshilik ko’rsatish demokratlarga qimmatga tushishi ham mumkin, deydi Jorj Meyson universitetidan Jeremi Meyer.

“Ayni damda har bir tashabbusga qarshi turish Demokratik partiya uchun to’g’ri strategiya bo’lmasligi mumkin. Xalq muammolarga yechim kutmoqda, buning uchun partiya so’ldan o’rtaga siljishi kerak”, - deydi u.

Demokratlardan nomzod Xillari Klinton o’tgan yil noyabridagi saylovlarda mag’lub bo’lganidan beri bu partiya qayta oyoqqa turishga harakat qilmoqda. Muxolifatning Trampga qarshiligi va yangi rahbarning ayrim siyosiy xatolari Demokratik partiyani birlashtirishda, unga kuch bag’ishlashda yordam bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG